Logo

Jizzaxda xizmatlar sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biriga aylanmoqda

Dekabr 02, 2025. 20:18 • 2 daq

78
Jizzaxda xizmatlar sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biriga aylanmoqda

TOSHKENT, 2-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Jizzax shahrida joylashgan “Ko‘k saroy” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda savdo sohasida zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax shahridagi 3,5 gektar maydonda faoliyat yuritayotgan “Ko‘k saroy” majmuasi savdo va maishiy xizmat sohasida viloyatdagi eng yirik obyektlardan biridir.

Bu yerda 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari ish boshlagan. Natijada 800 dan ziyod ish o‘rni yaratildi, jumladan, ehtiyojmand toifadagi 100 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.

Majmuada yirik savdo tarmoqlarining filiallari, 10 ta yirik mahalliy va xorijiy brend ishlamoqda, 250 ta savdo do‘koni, fud-kort va bolalar maydonchasi joylashgan. Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi yiliga 223 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Eʼtiborlisi, majmuada kutubxona va kitob do‘koni ham tashkil etilgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichi sifatida 1 mingta savdo shoxobchasini o‘z ichiga olgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan uch qavatli “Ekobozor” qurilishi rejalashtirilgan. Natijada 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz majmua faoliyati bilan tanishib, tashrif buyurganlar bilan samimiy muloqot qildi. Xizmatlarni kompleks yondashuv asosida yana-da rivojlantirish, bunday markazlarni boshqa hududlarda ham ko‘paytirish zarurligini taʼkidladi.

Shu bilan davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish