Logo

O‘zbekiston Prezidenti Guliston shahri Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini borib ko‘rdi

Dekabr 04, 2025. 15:27 • 2 daq

397
O‘zbekiston Prezidenti Guliston shahri Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini borib ko‘rdi

TOSHKENT, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida bugun Guliston shahri Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining “2023-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mahallada bir qator ishlar qilindi.

Hududdagi 48 ta ko‘p qavatli uy joriy taʼmirlandi, tashqi qismi bazalt bilan qoplandi. Issiqlik taʼminotini yaxshilash maqsadida 18 milliard so‘m hisobiga zamonaviy qozonxona va 3,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi.

Ko‘p qavatli uylarda 23 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatilib, “yëpiq” tizim tashkil etildi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan hududdagi 800 ta xonadonli 20 ta ko‘p qavatli uyning ichki issiqlik tizimlari qayta tiklandi. 1 ta bog‘cha markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlandi.

Yangi qozonxona qurilishi natijasida 144 ming kilovatt-soat elektr va 627 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Prezidentimiz ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan bu ishlarni davom ettirish, qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerning o‘zida “yettilik” vakillari va nuroniylar bilan mahalla hamda viloyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar xususida suhbat bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash, issiqlik taʼminotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash hamda atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish