O'zbekiston Prezidenti Yevropa Ittifoqi delegatsiyasini qabul qildi
Noyabr 27, 2025. 19:29 • 2 daq
• 378
TOSHKENT, 27 noyabr. /"Dunyo" AA/. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik boʻyicha komissari Yozef Sikela hamda Kengayish masalalari boʻyicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni joriy yil oktabr oyida Bryusselga oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqi vakillari Oʻzbekiston Prezidentiga Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning samimiy salomlarini yetkazdi.
Oʻzbekiston yetakchisi yevrokomissarlarni Toshkentda "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" uchinchi iqtisodiy forumi va Transkaspiy transport yoʻlagi va oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha investorlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani hamda yakunda mintaqaviy miqyosdagi bir qator yangi qoʻshma loyihalar ishga tushirilgani bilan tabrikladi.
Oʻzbekiston – Yevropa munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning yangi keng qamrovli kun tartibi shakllangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bu yil Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KShHB) imzolandi, Samarqand va Bryusselda sammitlar boʻlib oʻtdi, Oʻzbekistonning JSTga a'zo boʻlishi yuzasidan Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar yakunlandi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb 7 foizga oʻsdi. KShHBning amaliyotga joriy etilishi savdo hajmi va investitsiyalar oqimining sezilarli darajada oshishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasi, transport, raqamlashtirish, muhim minerallar, energetika, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor sohalarda hamda yangi qoʻshma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi