O‘zbekiston diplomatlari Krasnoyarskdagi maxsus markazda bo‘lib turgan hamyurtlar bilan uchrashdi
Fevral 28, 2026. 13:50 • 2 daq
• 242
KRASNOYARSK, 2-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Krasnoyarsk o‘lkasi ichki ishlar bosh boshqarmasining Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lib turgan hamyurtlar bilan konsullik uchrashuvi o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ayni paytda ushbu markazda 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Markazga tashrif davomida vatandoshlarimizning yashash sharoiti ko‘zdan kechirildi, vatanga tezroq qaytish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida ularning iltimos va istaklari tinglandi, Krasnoyarsk hududidagi huquqbuzarliklarining xususiyati bo‘yicha maʼlumotlar yozib olindi.
Markaz rahbariyati fuqarolarimizning bu yerda bo‘lish muddati haqida maʼlumot berdi. Shu bilan birga mehnat shartnomalari, patentlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolar va ularning oldini olish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.
Yurtdoshlarimiz Bosh konsulxona tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor uchun alohida minnatdorlik bildirib, ushbu muassasa xodimlarining ularga bo‘lgan hurmati, yaratilgan yaxshi maishiy sharoitlarni taʼkidladi.
Ayni paytda Bosh konsulxona tomonidan mazkur muassasada bo‘lib turgan besh nafar fuqaromizni yaqin kunlarda Vatanga qaytarish masalasi hal etilmoqda. Qolgan yetti nafar hamyurtimiz ham tez fursatda Vatanga qaytarilishi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi