Vatandoshlarga Germaniyada ishga joylashish qonun-qoidalari haqida tushuncha berildi
Mart 12, 2026. 14:54 • 2 daq
• 305
FRANKFURT-MAYN, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari, taniqli bloger, “Germaniya live” loyihasi asoschisi Nodir Xodjiyev hamda vatandoshlar ishtirokchida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Navro‘z” bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu onlayn muloqotda Germaniyada yashovchi ko‘plab O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etdi. Ushbu suhbat jarayonida Germaniyadagi “SBH West”, “Globogate Concept AG” kabi nufuzli kompaniya vakillari ham qatnashdi.
Ikki soat davom etgan suhbatda Germaniyadagi kompaniyalarga ishga joylashish qonun-qoidalari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston fuqarolariga mehnat migratsiyasi shartlari, xizmat davomida qanday kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish lozimligi to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Bosh konsulxona xodimlari vatandoshlarning konsullik hisobida turish tartibi, yangi biometrik pasportlarni rasmiylashtirish qoidalari borasida ham so‘z yuritdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda olingan oliy maʼlumot diplomlarining Germaniyada tan olinishi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Konsullik vakillari Germaniyaning tegishli muassasalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Germaniya universitetlariga kirish uchun mavjud taʼlim dasturlari haqida maʼlumot berildi.
Bosh konsulxona diplomatlari Germaniya bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, hamyurtlarni huquqiy jihatidan qo‘llab-quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilish maqsadida bunday uchrashuvlarni kelgusida ham tashkil etishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi