Logo

Parijda Fransiya oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Dekabr 18, 2024. 12:48 • 3 daq

205
Parijda Fransiya oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

PARIJ, 18-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Parijdagi elchixonasida Fransiya oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur uchrashuv "O'zbekiston - 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda "Yoshlar forumi - 2024" doirasida o'tkazildi.

Tadbirda O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Dilnoza Kattaxonova hamda O'zbekiston Yoshlari Umumjahon assotsiatsiyasi (WAYU) vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayevning Fransiyada tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalarga maxsus videomurojaati bilan boshlandi.

Ishtirokchilarga mamlakatimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati, madaniy-gumanitar va ta'lim sohalarida O'zbekiston-Fransiya hamkorligi rivojlanib borayotgani haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Talabalarga Fransiya milliy qonunchiligiga rioya qilish, mamlakatda bo'lish qoidalari, shuningdek, diplomatik vakolatxona bilan munosabatlarni davom ettirish bo'yicha zarur tavsiyalar berildi. Ularga konsullik va huquqiy masalalar bo'yicha tegishli maslahatlar berildi.

O'zbekistonlik talabalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni faol qo'llab-quvvatlashga, shuningdek, Fransiya oliy o'quv yurtlarida O'zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga, sayyohlik salohiyatimizni targ'ib qilishga ko'maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Jumladan, bu borada kelgusi yil uchun Elchixona ko'magida tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishildi.

O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Dilnoza Kattaxonava mamlakatimiz hukumati tomonidan chet elda bo'lib turgan yoshlar bilan muloqot qilish borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar bilan tanishtirdi. Xususan, tashkilot xorijda ta'lim olgan vatandoshlarimizni O'zbekiston davlat boshqaruvi tizimlarida faoliyatlarini davom ettirishlariga ko'maklashish va ta'lim jarayonida ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorligi ta'kidlandi.

Tadbirda yoshlarni o'ylantirayotgan masalalar, ularning yechimlari va takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Yevropa oliy menejment maktabi bitiruvchisi, Fransiyadagi yoshlar faoli Humoyun Boboyev:

- Bugun Parijdagi elchixonada O'zbekiston yoshlar ittifoqi, O'zbekiston Yoshlari Umumjahon Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Fransiyada yashayotgan, ta'lim olayotgan va ishlayotgan o'zbek yoshlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. So'nggi yillarda hukumatimiz tomonidan xorijda va mamlakatimizda yashayotgan va ta'lim olayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Xorijda istiqomat qilayotgan yoshlarga e'tibor, ularga nisbatan qo'llab-quvvatlash har tomonlama oborilmoqda. Biz yoshlar Elchixona bilan hamkorlikda turli xil tadbirlar, uchrashuvlar o'tkazib kelmoqdamiz. Mazkur uchrashuvlar doirasida O'zbekiston davlatining yoshlarga bo'lgan siyosati, bugungi kunda bo'lib o'tayotgan islohotlar to'g'risida kerakli ma'lumotlarni olib kelmoqdamiz.

Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti va Fransiya moda Akademiyasi bitiruvchisi Asalxon Odilova:

- Men Parijda yashayman va dizayner sifatida faoliyat yuritaman. Bugun biz Elchixona tomonidan O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdik. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan chet elda o'qiyotgan va ishlayotgan talabalar, fuqarolarimizga qanchalik katta e'tibor qaratilayotganini yana bir bor his qildik.

Chet elda yashab turib, biz hamisha Vatanimiz bilan yaqin aloqada bo'lishga harakat qilamiz. Yaqinda biz Parijda O'zbekiston Davlat bayrog'i qabul qilinganining 33 yilligiga bag'ishlangan fleshmobda ishtirok etdik. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan 2025 yil bilan tabriklayman. Yurtimizga farovonlik, barcha fuqarolarimizga katta baxt tilayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish