Logo

Rossiyaning Primorsk o‘lkasida mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi

Fevral 06, 2026. 18:38 • 2 daq

293
Rossiyaning Primorsk o‘lkasida mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi

VLADIVOSTOK, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Primorsk o‘lkasida bo‘lib turgan hamyurtlarning huquqlarini himoya qilish, ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatish va muammolarini bevosita joyida o‘rganish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Sayyor qabulga fuqarolarimizdan kelib tushadigan murojaatlarni joyida ko‘rib chiqib, ularga tizimli yordamlar ko‘rsatish maqsadida Primorsk o‘lkasi hukumatining Migratsiya siyosati agentligi vakillari Dmitriy Yavorskiy va Aleksandr Krestyannikov, Primorsk o‘lkasidagi mashhur advokatlik byurosi rahbari, advokat Andrey Kambolin hamda o‘zbek diasporal tashkiloti vakillari taklif etildi.

O‘tkazilgan sayyor qabulda jami 58 nafar fuqaroning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Vatandoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.

Murojaatlarning aksariyati joyida hal etilib, migratsiyasi jarayonlarida uchrayotgan muammolar soha mutaxassislari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Boshqa murojaatlar esa alohida nazoratga olinib, Rossiya Federatsiyasining huquq-tartibot idoralariga ko‘rib chiqilib, huquqiy baho berilishi uchun yuborildi.

Shu bilan birga, konsullik-huquqiy xizmatlardan foydalanish tartibi, mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsiz mehnat migratsiyasini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu sohada qabul qilingan qaror va farmonlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.

Uchrashuv so‘nggida, vatandoshlarga turli namoyish va tartibsizliklarda ishtirok etmaslik, diniy ekstremistik g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmaslik, narkotik moddalar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlardan uzoqroq yurish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish