Logo

Polshada o'tkazilgan «Kopernikaliya» festivalida buyuk astronom olim Mirzo Ulug'bek ilmiy merosi taqdim etildi

Dekabr 01, 2023. 11:32 • 2 daq

213
Polshada o'tkazilgan «Kopernikaliya» festivalida buyuk astronom olim Mirzo Ulug'bek ilmiy merosi taqdim etildi

VARSHAVA, 1-dekabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 29-30-noyabr kunlari Polshaning Krakov shahridagi Ta'lim bo'yicha milliy komissiya universitetida taniqli olim Nikolay Kopernik xotirasiga bag'ishlangan «Kopernikaliya» festivali bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Krakov kon-metallurgiya akademiyasi axborot texnologiyalari fakulteti 4-kurs talabasi Amaliya Isxakovaning ushbu festivalda ishtirok etdi.

Festival davomida taniqli fan namoyondalari, Polsha oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilarining Kopernik yutuqlari haqidagi ma'ruzalari tinglandi.

Amaliya Isxakova o'z navbatida, buyuk o'zbek astronomi, matematik, tarixchi va atoqli davlat arbobi Mirzo Ulug'bek hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazdi. Mirzo Ulug'bekning boy ilmiy merosi butun insoniyat ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgani qayd etildi. Shuningdek, buyuk ajdodimizning ilmiy merosi asrlar davomida Sharq va G'arb xalqlarini ezgu maqsadlarga erishish yo'lida birlashtiruvchi mayoq bo'lib kelayotgani ta'kidlandi.

Markaziy Osiyo mintaqasida astronomik kadrlar tayyorlashda yetakchi o'rinni egallagan O'zbekistonning zamonaviy ilm-fandagi o'rni, respublikamizning ko'plab universitet va institutlarida yosh astronom olimlarni tayyorlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib o'tildi. Samarqanddagi yirik o'quv va ilmiy rasadxona faoliyati haqida batafsil ma'lumot berildi.

Vatandoshimiz taqdimoti tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Yig'ilganlar Mirzo Ulug'bekning astronomiya fani rivojiga qo'shgan hissasini yuqori baholadilar. Polsha vakillari, shuningdek, Mirzo Ulug'bek faoliyat olib borgan va undan qolgan merosni ko'rish uchun Samarqand shahriga tashrif buyurish istaklarini ham bildirishdi.

«Kopernikaliya» festivali Ta'lim bo'yicha milliy komissiya universitetida an'anaviy tarzda har yili o'tkaziladi. Unda Polshaning yetakchi olimlari ilm-fan sohasidagi yutuqlarini taqdim etadilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish