Germaniyadagi vatandoshlar o'rtasida an'anaviy "Davra Cup-2025" futbol turniri o'tkazildi
Iyun 16, 2025. 16:36 • 4 daq
• 196
BERLIN, 16 iyun. /"Dunyo"AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko'magida "Davra" o'zbek-nemis jamiyati tomonidan Berlin shahrida Yevropadagi vatandoshlarimiz ishtirokida futbol bo'yicha an'anaviy "Davra Cup-2025" turniri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

2013-yildan buyon muntazam ravishda o'tkazilib kelinayotgan mazkur turnir vatandoshlarimiz do'stona muhitni shakllantirish, ular o'rtasida birlik va jipslikni ta'minlash maqsadida Germaniyaning turli shaharlarida tashkil etib kelinmoqda.
Odatdagidek turnirdan oldin qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi. Elchixonada bo'lib o'tgan tadbirda har bir jamoadan ikki nafar vakil qatnashdi. Diplomatiya vakolatxona binosida o'tkazilgan marosim zamonaviy futbol tartib-qoidalariga monand tarzda shaffoflik bilan tashkil etildi. Joriy yilgi sport tadbirida 24 jamoa 4 guruhga bo'linib bahs olib borishiga kelishib olindi.
Musobaqaning ochilish marosimida so'zga chiqqan yurtimiz diplomatlari "Yangi O'zbekiston–2030" strategiyasi doirasida respublikamizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid siyosatning asosiy yo'nalishlari va pirovard maqsadlari haqida ma'lumotlar berdilar. Bunda bolalar va yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, oila manfaatlarini huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilishni kuchaytirish, oilani qo'llab-quvvatlash, jismonan sog'lom, ma'naviy jihatdan yetuk va barkamol avlod yetishtirishda oilaning ijtimoiy-ma'naviyatini yuksaltirishda uning rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.
Shu bilan birga, Germaniya yoshlari va jamoatchiligini o'zbek xalqi tarixi va madaniyati, respublikamizning zamonaviy taraqqiyoti bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy-gumanitar va akademik aloqalarni mustahkamlashda o'zbekistonlik talabalarning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Keskin va murosasiz kechgan futbol bahslarida Germaniyaning turli federal o'lkalardan kelgan vatandoshlarimizdan shakllantirilgan 24 ta jamoa qatnashdi. An'anaviy musobaqaning 8 karra g'olibi amaldagi chempion "FC München" jamoasi bosh sovrin uchun "FC Real Uragan" jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Murosasiz kechgan uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi va unda brandenburgliklarning qo'li baland keldi.
Turnir so'nggida g'olib va sovrindor jamoalarga kubok hamda medallar topshirildi. Shuningdek, "Halol o'yin uchun" sovrini ("FC Real Uragan"), "Eng yaxshi darvozabon" (Islomiddin Jumaboyev, "FC Real Uragan"), "Turnir to'purari" (Otabek Jumamuratov "FC München"), "Eng yaxshi o'yinchi" (Dostonbek Nazaraliyev, («FC Real Uragan») va boshqa qator nominatsiyalar bo'yicha diplom va esdalik sovg'alar topshirildi.
Joriy yilgi sport tadbirida birinchi bor ayollar o'rtasida voleybol bo'yicha to'rt jamoa ishtirokida musobaqa o'tkazildi. Mazkur turnir g'olib va sovrindor jamoalariga ham esdalik sovg'alari topshirildi. Ushbu musobaqa ayollarning sog'lom turmush tarziga bo'lgan qiziqishini yana-da oshirish va salomatliklarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tashkilotchilarga ko'ra, kelgusida bu kabi musobaqalarni muntazam ravishda o'tkazish va ayollar jamoasi safini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbus ayollar o'rtasida sportga bo'lgan qiziqishni yana-da rivojlantirishga zamin yaratadi. Bolajonlar uchun esa interaktiv faol, rasm chizish va boshqa qiziqarli o'yinlar uyushtirildi. Ota-onalar esa farzandlarining maroqli dam olishlaridan mamnun bo'lishdi.
Futbol turniri yakunida barcha ishtirokchilar va muxlislar uchun an'anaviy o'zbekona milliy dasturxon yozildi. Tadbir o'zbekistonlik talabalar uchun bo'sh vaqtlarini foydali va maroqli o'tkazish, shu bilan birga, elchixona diplomatlaridan o'zlarini qiziqtirgan konsullik, huquqiy va fuqarolik masalalariga ham javob olishlari uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi.
Dostonbek Nazaraliyev, "FC Real Uragan" jamoasi sardori:
– Germaniyadagi barcha vatandoshlar nomidan futbol bo'yicha Jahon chempionatiga yo'llanma olgan O'zbekiston terma jamoamizni chin dildan tabriklayman va mundialda muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
O'zbekiston elchixonasi va "Davra-Cup" o'zbek-nemis jamiyatining turniri muvaffaqiyatli bo'lib o'tdi. Barcha jamoalarga chiroyli o'yin uchun minnatdorlik bildiraman. Yangi tashkil etilgan va turnirning debyutant jamoasi sanalgan "FC Real Uragan" jamoamiz turning bosh sovrinini qo'lga kiritish barobarida ko'plab nominatsiyalar bo'yicha taqdirlandi. Shu o'rinda boshqa jamoalarni ham muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabriklayman va barcha tashkilotchilarga jamoamiz nomimdan rahmat aytaman.
Egamberdi Tursunov, "FC München" jamoasi o'yinchisi:
– Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati yo'llanmasi qo'lga kiritgani barchamizni quvontirdi va men ushbu yutuqlini umumiy g'alabamiz deb bilaman.
Bugungi turnir haqida gapiradigan bo'lsam, bu yilgi musobaqa o'tgan yilgilarga nisbatan ancha yuqori saviyada o'tdi. Guruh bosqichlaridagi bellashuvlar ham oson kechmadi. Bu esa yildan-yilga "Davra-Cup" turnirining saviyasi oshib borayotganidan dalolat beradi. Finalda "FC Real Uragan" jamoasi bilan bellashdik, g'olib jamoa va turnir ishtirokchilarini chiroyli hamda keskin o'yin bilan tabriklayman. Tashkilotchilar mamlakatimiz elchixonasi va "Davra Cup" o'zbek-nemis jamiyatiga jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiraman.
Tomas Markert, turnir hakami:
– Turnir juda muvaffaqiyatli o'tdi. Barcha jamoalar ajoyib o'yin ko'rsatishdi. Bu do'stlik va birdamlik o'yinidir. Biz besh nafar hakam turnir davomida o'yinlarni boshqarish imkoniyatiga ega bo'lganimizdan juda mamnunmiz. Futbol o'yinlarini tomosha qilish uchun butun Germaniya, va qo'shni Chexiyadan vatandoshlarning yig'ilgani quvonarli holdir. O'ylaymanki, kelajakda bu turnir yana-da kengaydi. Ushbu musobaqalarda ishtirokim tufayli, O'zbekistonni yaqindan tanishga muvaffaq bo'ldim va barcha tanishlarimni ajoyib mamlakatingizga sayohat qilishni tavsiya etaman.
Gulshan Rasulova, turnir tashkilotchisi:
- "Davra" o'zbek-nemis jamiyati 2013-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Barcha vatandoshlarimizni birlashtirish maqsadida turli tadbirlar, jumladan futbol turniri o'tkazib kelamiz. Tadbirlarimiz nafaqat yoshlarimiz, balki turli yoshdagi vatandoshlar va ularning oilalariga mo'ljallangan. O'tgan yillardan farqli o'laroq, bu yilgi turnirda ayollar uchun voleybol o'yinlari, bolalar uchun qiziqarli sport musobaqalari, rasm chizish mashg'ulotlari tashkil etildi. Maqsadimiz vatandoshlar o'rtasida do'stlik, birdamlik va Vatanga bo'lgan muhabbatni mustahkamlashdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Qozog‘istonning Atirau viloyatidagi vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi