Parij shahrida Fransiya oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Fevral 13, 2024. 11:48 • 2 daq
• 159
PARIJ, 13-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Fransiyadagi oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati hamda O'zbekiston-Fransiya hamkorligi haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Uchrashuv davomida talabalar Fransiya milliy qonunchiligiga rioya qilish, mamlakatda bo'lish qoidalari, shuningdek, diplomatik vakolatxona bilan aloqalarni davom ettirish bo'yicha zarur tavsiyalar oldi. Ularga konsullik va huquqiy masalalar bo'yicha tegishli maslahatlar berildi.
O'zbekistonlik talabalar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni faol qo'llab-quvvatlashga, shuningdek, o'zlari tahsil olayotgan Fransiya oliy o'quv yurtlarida mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga, sayyohlik salohiyatini ommalashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar shu kunlarda O'zbekistonda va xorijda tavallud kunlari keng nishonlanayotgan atoqli o'zbek shoirlari, mutafakkirlari va davlat arboblari Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va merosi bilan tanishtirildi. Ularning jahon madaniyati hamda insoniyat sivilizatsiyasi xazinasi bo'lgan o'zbek tili va adabiyoti rivojiga qo'shgan ulkan hissasi alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, vatandoshlarimizga Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag'ishlangan videofilmlar namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi