Logo

O'zbekistonlik taniqli opera xonandasi va velosayyoh Xursand Sherovning poygasi Rossiya bo'ylab davom etmoqda

Iyul 09, 2025. 07:28 • 2 daq

104
O'zbekistonlik taniqli opera xonandasi va velosayyoh Xursand Sherovning poygasi Rossiya bo'ylab davom etmoqda

SANKT-PETERBURG, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Sankt-Peterburg Millatlar uyida taniqli o'zbek opera xonandasi va velosayyoh Xursand Sherov bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xursand Sherov Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 80 yilligi munosabati bilan Toshkentdan Rossiya shaharlari bo'ylab velopoyga uyushtirgan.

Uchrashuvda Xursand Sherov bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi va uning ijrosida Buyuk g'alabaga bag'ishlangan mashhur qo'shiqlar tinglandi.

Xursand Sherovning jileti, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o'zbek qahramonlari Sobir Rahimov va Muhammadali Topoldiyevning fotosuratlari bilan bezatilgani yig'ilganlarning e'tiborni tortdi. U yurtimiz qahramonlarining fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shgan hissasi haqida so'zlab berdi va ularning xotirasini saqlashning ahamiyatini ta'kidladi.

Hamyurtimiz ishtirokidagi velopoyga Farg'ona vodiysidan boshlangan bo'lib, 4000 kilometrdan ortiq masofani o'z ichiga oladi. Qozog'iston hududi orqali Moskvagacha bo'lgan yo'lni bosib o'tgandan so'ng, Xursand Sherov Rossiya shaharlari bo'ylab o'zining noyob sayohatini davom ettirmoqda. 

Uchrashuvda so'z olganlar, bunday loyihalar Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etish barobarida, yosh avlodni tinchlik uchun kurashgan ajdodlarimiz bilan faxrlanishga va ular xotirasiga hurmat bilan munosabatda bo'lishga undashini ta'kidladilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish