Logo

Rossiyaning Sankt-Peterburg va Kaliningrad shaharlardagi vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

Mart 02, 2026. 14:55 • 2 daq

277
Rossiyaning Sankt-Peterburg va Kaliningrad shaharlardagi vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

SANKT-PYETYERBURG, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari Rossiyaning Leningrad va Kaliningrad viloyatlarida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda diplomatlar migratsiya qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar, konsullik-huquqiy yordam olish tartibi hamda mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilish zarurligi haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan Namangan viloyati “Obid qori” masjidi imom-xatibi Ilyosxon Sobitov vatandoshlarimizga islom dinining insonparvarlik mohiyati va milliy qadriyatlarimiz haqida so‘z yuritdi. Diniy ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalardan olish, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Shu kunning o‘zida bosh konsul Abduraxmon Mahmudovning Kaliningrad shahriga amaliy tashrifi doirasida vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxoni ham yozildi. “Nur” masjidi imomi Aslam Xidirov va bir guruh hamyurtlarimiz ishtirok etgan tadbirda muqaddas Ramazon oyining fayzi, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik mavzularida diniy-ma’rifiy suhbat o‘tkazildi.

Bosh konsul o‘z nutqida davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan dunyoning turli nuqtalaridagi vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilayotgani, inson qadrini ulug‘lash tamoyili chegara bilmasligini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz musofir yurtda ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish