Logo

O'zbekistonlik tarbiyachi Germaniya mehnat bozoriga qanday qilib tezda moslashdi?

Mart 03, 2024. 11:03 • 2 daq

102
O'zbekistonlik tarbiyachi Germaniya mehnat bozoriga qanday qilib tezda moslashdi?

BERLIN, 3-mart /"Dunyo" AA/.  Germaniyaning "Bayerischer Rundfunk" mediakompaniyasi onlayn nashrida "Integratsiyalashuv: o'zbek ayoli qanday qilib Germaniyada bolalar tarbiyachisiga aylandi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif Kristian Akber-Zadening yozishicha, o'zbekistonlik o'qituvchi Gulnur Bahriddinova malaka oshirish va bolalar tarbiyasi bo'yicha tajriba to'plash maqsadida o'z yurtidan ancha olisga, ya'ni Germaniyaga kelgan. Gulnurning nemis tilida bemalol gapirishi, mehnatsevarligi va o'zbekona tarbiyasi uning ushbu mamlakat mehnat bozoriga integratsiyalashuvini tezlashtirdi.


"U o'z yurtida maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyachi bo'lib ishlagan. O'zbekistondan turib Germaniyadagi Mehnatkashlarni qo'llab-quvvatlash xayriya jamg'armasi (Arbeiterwohlfahrt (AWO) orqali ushbu mamlakatdagi bir necha bolalar bog'chasiga ariza topshirgan. Ko'p o'tmay unga Mitterfelsdagi "AWO" bolalar bog'chasidan ishga qabul qilingani haqida taklifnoma kelgan", deyiladi maqolada.


Nashrda ushbu jarayon qanday kechgani haqida chet eldan arizalarni qabul qiluvchi Zivert xonimning qo'yidagi fikrlari keltirilgan: "O'zbekistondan kelgan ariza xati nemis tilida aniq va ravon yozilgani mening e'tiborimni tortdi. Shuningdek, u barcha hujjatlar nemis tartib qoidalariga ko'ra ilova qilingani bizni hayratga soldi".


Zivert xonimning ta'kidlanishicha, samarqandlik ayol hali Germaniyada bo'lmagan, ammo uch yildan beri nemis tilini xorijiy til sifatida o'rgangan. «U bilan savol-javob qildim. Gulnur menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. U sinov testidan tashqari qo'shimcha savollarga ham javob bera oldi. Xorijliklar orasida bu kam uchraydigan hol, — deydi mutaxassis. — Qolaversa, u o'zining do'stona muomalasi bilan jamoaga manzur bo'ldi".


Materialda, shuningdek, Gulnur Bahriddinovaning Germaniyaga kelishi bilan bog'liq tafsilotlarni ham qalamga olingan. "Toshkentdagi Germaniya elchixonasida viza olish odatdagidan tez amalga oshdi. O'zbekiston hukumati chet elda o'qish yoki qonuniy ishlash istagida bo'lgan yoshlarni doim qo'llab-quvvatlaydi", - deya yurtdoshimiz so'zlaridan iqtibos keltirgan manba.


Qayd etilishicha, bolajonlar nemis tilini yaxshi biladigan, ular bilan birgalikda turli hunarmandchilik buyumlari yasaydigan, uy vazifalarini bajaradigan va har xil o'yinlar o'ylab topadigan yangi o'qituvchisidan juda xursand.


"Uning turmush o'rtog'i ham Germaniyaga kelishni rejalashtirmoqda. U yaqinda Germaniyada avtomexanik sifatida faoliyat yuritish sinovidan muvaffaqiyatli o'tdi. Qahramonimiz nemis diyorida uzoq vaqt qolish niyatida", — deb yozgan "Bayerischer Rundfunk" maqola intihosida .

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish