Logo

Malayziyada tahsil olayotgan vatandoshlar o'rtasida Toshkent viloyati hokimi kubogi uchun "Zakovat" intellektual o'yini o'tkazildi

May 23, 2025. 18:38 • 3 daq

87
Malayziyada tahsil olayotgan vatandoshlar o'rtasida Toshkent viloyati hokimi kubogi uchun "Zakovat" intellektual o'yini o'tkazildi

KUALA-LUMPUR, 23-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi vakillari ko'magida Malayziyada tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirokida "Zakovat" intellektual o'yini tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Malayziyaning Osiyo-Tinch okeani texnologiya va innovatsiya, Malayya, "City", "Cyberjaya" "UCSI", "INCEIF", "Xiamen", "MMU", "Lincoln", "INTI", "IIUM" kabi nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Intellektual o'yinda Malayziyadagi faol yoshlarimiz 19 ta jamoaga bo'linib, o'zaro bellashdi.

Tadbir avvalida Toshkent viloyati hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Otabek Sultonbekov O'zbekiston Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi "Zakovat" intellektual o'yinini aholi o'rtasida ommaviy-ma'rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o'yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorining mazmun-mohiyati haqida to'xtaldi.

O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha olib borilayotgan ishlarga e'tibor qaratildi.

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev yoshlarning har tomonlama barkamol bo'lib voyaga yetishi va ta'lim-tarbiya olishi uchun respublikada barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, xorijda ta'lim olayotgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladi.

"Zakovat" klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev mazkur o'yinida ishtirokchilar yuqori darajadagi bilimdonlik, mantiq va jamoaviy ahillikni namoyish etganlarini qayd etdi.

Intellektual o'yin yakunida birinchi, ikkinchi va uchinchi o'rinni egallagan jamoalarga Toshkent viloyati hokimi nomidan qimmatbaho sovg'alar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, yoshlarning ilm-fanga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi kitoblar taqdim etildi.

Malayziyada tahsil olayotgan talaba yoshlar respublikamiz hayotida faol ishtirok etishga, mamlakatimizni yanada rivojlantirishga o'z hissalarini qo'shishga tayyor ekanliklarini ta'kidladilar.

Zaxriddin Nasrulxonov, Malayziyaning "Xiamen" universiteti talabasi:

– Bugun Malayziyada birinchi bor bo'lib o'tgan "Zakovat" intellektual o'yinida "Toshkent viloyati hokimi sovrini" uchun kurash olib bordik. Jamoamiz ushbu o'yinda birinchi o'rinni qo'lga kiritdik. Bizga topshirilgan sovg'alar uchun Toshkent viloyati hokimligiga minnatdorlik bildiramiz.

Muhammadsodiq Axrorov, Malayziyaning "Xiamen" universiteti talabasi:

– Malayziyada tahsil olayotgan vatandoshlar o'rtasida bo'lib o'tgan "Zakovat" intellektual o'yini menda katta taassurot qoldirdi. Bilimlar bellashuvida jamoamiz ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Men ushbu o'yinda ishtirok etish orqali o'z bilimni yana-da mustahkamladim, shuningdek, o'zbek yoshlari orasida bilimi, zehni va salohiyati yuqori bo'lganlar ko'p ekanligiga yana bir bor guvoh bo'ldim.

Ibrohimjon Normuhammadov, O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpurdagi koordinatori

 – Malayziyada tahsil olayotgan vatandosh yoshrlar o'rtasida o'tkazilgan "Zakovat" intellektual o'yini juda qiziqarli kechdi. Tanlangan savollar saviyasi ham ancha baland. Ishtirokchi jamoalarning bilim saviyasini ham alohida ta'kidlash kerak. Bizning jamoamiz o'yinlarda faol ishtirok etib, uchinchi o'rinni egalladi.

Fursatdan foydalanib, Toshkent viloyati hokimligi va O'zbekiston elchixonasiga ushbu qiziqarli belashuvni tashkil qilgani va Malayziyadagi vatandosh yoshlarni birlashtirgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Bunday tadbirlar muntazam takshil etilishi tarafdorimiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish