Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Antaliyada bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlar oliy sudlari konferensiyasida qatnashdi

May 08, 2025. 19:03 • 2 daq

111
O'zbekiston delegatsiyasi Antaliyada bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlar oliy sudlari konferensiyasida qatnashdi

TOSHKENT, 8-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Turkiyaning Antaliya shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a'zo davlatlar Oliy sudlari konferensiyasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Oliy sud axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, anjumanda, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston Oliy sudlari delegatsiyalari, Turkiya Kassatsiya sudi va Davlat kengashi (Oliy ma'muriy sudi) raislari hamda TDT Bosh kotibi qatnashdi.

Do'stona va ishchanlik muhitida, o'zaro tushunish va ishonch ruhida o'tgan konferensiyada tomonlar umummanfaatli odil sudlovning dolzarb masalalarini muhokama qilish barobarida sud organlarining huquqning turli yo'nalishlari bo'yicha hamkorligi istiqbollarini ham ko'rib chiqishdi.

Oliy sudlar delegatsiyalari TDTga a'zo davlatlar sud organlarining inson huquq va erkinliklari himoyasi sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida oliy sud organlari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, ishonch va do'stlikka asoslangan aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta'kidladilar.

Ishtirokchilar TDTga a'zo qardosh davlatlar sud tizimlarini rivojlantirish maqsadida Oliy sudlar o'rtasidagi mazmunli muloqotni kelgusida ham davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

Tadbirda TDT doirasida Oliy sudlar o'rtasida odil sudlov sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash muhimligi e'tirof etilib, sud faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, umumiy maslahat maydonlarini tashkil etish, sohaga oid qo'shma loyihalarni amalga oshirish, yurisprudensiya, huquqiy va texnik masalalar bo'yicha ma'lumot va tajriba almashish hamda bu borada muntazam aloqalarni qo'llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Anjuman yakunida imzolangan TDT Oliy sudlari konferensiyasining nizomi ushbu masalalarni tartibga soluvchi qoida va taomillarni belgilovchi huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish