Logo

"O'zsanoatqurilishbank" Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligining GSM-102 dasturiga a'zo bo'ldi

May 01, 2025. 12:22 • 54 soniya

108
"O'zsanoatqurilishbank" Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligining GSM-102 dasturiga a'zo bo'ldi

TOSHKENT, 1-may. /"Dunyo" AA/. "O'zsanoatqurilishbank" ATB AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligining (USDA) GSM-102 dasturiga a'zo bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bank axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, bu orqali savdoni moliyalashtirish kredit liniyalarini jalb qilish yuzasidan kafolatlar taqdim etish bo'yicha hamkorlik o'rnatildi.

Ushbu dastur doirasida AQShning eksportini qo'llab-quvvatlash maqsadida turli xomashyolar, xususan oziq-ovqat, efir moyi, kimyoviy moddalar, ipak, yarim tayyor mahsulotlar hamda boshqa turli tayyor mahsulot va xomashyo importini moliyalashtirish uchun AQSh banklariga kafolatlar taqdim etiladi. Ushbu kafolatlar ostida loyihalar AQSh moliya institutlari tomonidan qulay shartlarda moliyalashtiriladi.

Amalda mazkur dasturga dunyo bo'ylab 30 ga yaqin banklar a'zo bo'lib, Markaziy Osiyo davlatlaridan birinchi bo'lib "O'zsanoatqurilishbank" ATB a'zolikni qo'lga kiritdi.

Mazkur hamkorlik O'zbekiston va Amerika Qo'shma shtatlari o'rtasida har tomonlama rivojlanib kelayotgan sherikchilik doirasida tuzilgan bo'lib, kelgusida ikki mamlakat o'rtasidagi savdo aylanmalarini kengaytirish uchun xizmat qiladi.

GSM-102 eksport kredit kafolatlari dasturi 1981-yilda AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Dastur AQSh eksportini qo'llab-quvvatlash maqsadida Amerika moliya institutlariga kafolatlar taqdim etishga ixtisoslashgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish