"Markaziy Osiyo – Xitoy" bojxona tartibotlarini o'zaro uyg'unlashtirish va soddalashtirishga xizmat qiluvchi qulay formatdagi savdo-iqtisodiy maydon
Iyun 17, 2025. 15:28 • 2 daq
• 100
TOSHKENT, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. Bugun Qozog'iston poytaxti Ostonada bo'lib o'tadigan ikkinchi "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammiti mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
2023-yil may oyida bo'lib o'tgan birinchi sammitdan beri Xitoy va Markaziy Osiyo o'rtasidagi ikki tomonlama savdo aloqalari barqaror o'sdi.
Xususan, ikki tomonlama tovarlar tashqi savdo aylanmasi yillar kesimida 2022-yilda 38,6 milliard AQSh dollari, 2023-yilda 62,4 AQSh dollari va 2024-yilda rekord darajadagi ko'rsatkichni qayd etib, 85,3 milliard AQSh dollariga yetdi.
O'zbekiston va Xitoy o'zaro tashqi savdo aylanmasi 2024-yil 12,5 milliard dollarni tashkil etib, mamlakatimizning jami tashqi savdo aylanmasiga nisbatan qariyb 20 foizni tashkil etdi.
Ushbu yuqori o'sish dinamikasining asosiy omillaridan biri bojxona tartibotlarini soddalashtirish va o'zaro uyg'unlashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlardir. "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati doirasidagi uchrashuvlarda bojxona hamkorligi savdo to'siqlarini kamaytirish, yuk tashish vaqtini qisqartirish va mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida shakllandi.
Mazkur savdo-iqtisodiy maydon bojxona tartibotlarini o'zaro uyg'unlashtirish va soddalashtirish, ishtirokchi davlatlar o'rtasida yagona yoki o'zaro moslashgan tartib-taomillarni joriy etish, ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirish, yuklarni tez va xavfsiz o'tkazish imkonini beruvchi mexanizmlarni yaratish, bojxona ma'lumotlari bilan real vaqt rejimida o'zaro almashish orqali xavfli yuklarni aniqlash va kontrabandaning oldini olish kabi yo'nalishlarni yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, O'zbekiston Bojxona qo'mitasi mazkur format doirasida elektron deklaratsiyani rivojlantirish va "Paperless trade" tizimiga o'tish, qo'shni davlatlar bilan integratsiyalashgan nazorat punktlarini tashkil etish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bojxona xizmatlari bilan birgalikda kontrafakt va noqonuniy aylanmaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish hamda savdo logistikasi va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish orqali mintaqaviy savdoni rivojlantirish yo'nalishlarda faoliyat yuritmoqda.
Xususan, ushbu sammit doirasida savdo hajmini 2030-yilga qadar istiqbol reja ko'rsatkichini belgilash, o'zaro tan olingan vakolatli iqtisodiy operator (VIO) dasturini joriy etish hamda bojxona hamkorligi bo'yicha doimiy ishchi guruh tashkil etish maqsadga muvofiq.
Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nafaqat Markaziy Osiyo va Xitoy, balki butun Yevroosiyo makoni uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi va global savdo tizimiga ijobiy hissa qo'shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi