Logo

Malayziya OAV: Malayziya O'zbekiston bilan savdo, moliya, investitsiya va infratuzilma sohalarida strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor

Iyun 16, 2025. 13:40 • 2 daq

50
Malayziya OAV: Malayziya O'zbekiston bilan savdo, moliya, investitsiya va infratuzilma sohalarida strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor

KUALA-LUMPUR, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning "Business Today" elektron nashrida "Malayziya Eksimbanki O'zbekiston orqali yangi savdo yo'nalishini belgilamoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Malayziya Markaziy Osiyoda savdo va investitsiya faoliyatini kengaytirish maqsadida bir qator yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida so'z boradi.

Jumladan, nashrda Malayziya Eksport-Import banki O'zbekistonning "Hamkorbank" aksiyadorlik tijorat banki bilan birgalikda  mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Malayziya kompaniyalari va O'zbekistonning importyor korxonalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini ko'rib chiqilgani ta'kidlangan.

"Mazkur loyiha Malayziyaning 2030 -yilgacha bo'lgan Milliy investitsiya siyosatiga mos bo'lib, an'anaviy bo'lmagan bozorlarda eksport faoliyatini kengaytirishni nazarda tutadi. O'z navbatida, qishloq xo'jaligi, infratuzilma va turizm kabi sohalarga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan "O'zbekiston – 2030" strategiyasini ham qo'llab-quvvatlaydi",– deb yozadi muallif.

Shuningdek, maqolada 2024-yilda Malayziya-O'zbekiston savdo hajmi 102,4 million AQSh dollariga yetib, 2017-yildan beri 1,6 barobar o'sgani, hozirda O'zbekistonda 40 dan ortiq malay kompaniyalari faoliyat yuritgani qayd etiladi.

Bundan tashqari, materialda jadal rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlar 2024 va 2025 yillarda ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi o'zaro tashriflari bilan yana-da mustahkamlangani alohida urg'ulangan.

"Malayziya Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi bosh kotibi o'rinbosari, Eksimbank boshqaruvi kengashi a'zosi Bahria Mohd Tamilning aytishicha, Malayziya O'zbekiston bilan savdo, moliya, investitsiya va infratuzilma kabi ko'plab sohalarda o'zaro strategik hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor", – deya ta'kidlangan nashrda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish