Logo

Amirsaid A'zamxo'jayev: O'zbekiston va Polsha xalqlari o'rtasidagi aloqalar ko'p qirrali va uzoq tarixga ega

Mart 20, 2024. 15:24 • 2 daq

143
Amirsaid A'zamxo'jayev: O'zbekiston va Polsha xalqlari o'rtasidagi aloqalar ko'p qirrali va uzoq tarixga ega

VARSHAVA, 21-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid A'zamxo'jayev Toshkent va Varshava o'rtasida muntazam to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar ochilishi munosabati bilan ushbu mamlakatning "WPN.PL" yangiliklar portaliga intervyu berdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Diplomat to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishini va Polsha kompaniyalari uchun O'zbekistonda yangi sarmoyaviy imkoniyatlar ochishini ta'kidladi.


 Qayd etilganidek, O'zbekiston Polshaga Yevropa Ittifoqidagi muhim va ishonchli sheriklardan biri sifatida qaraydi va bu polyak kompaniyalarini mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga undaydi.

Elchi Polshaning O'zbekiston bilan munosabatlariga baho berar ekan, bu yil mamlakatlarimiz o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 32 yil to'layotganini ma'lum qilgan. O'tgan yillar davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlikda mustahkam shartnoma-huquqiy baza yaratildi, tajriba to'plandi. Ikki tomonlama munosabatlarni barcha sohalarda rivojlantirish uchun katta salohiyat va istiqbollar mavjud.


"O'zbekiston va Polsha xalqlari o'rtasidagi aloqalar ko'p qirrali va uzoq tarixga ega, – dedi u. – Ikkinchi jahon urushi yillarida ko'plab polyaklar O'zbekistondan boshpana topdilar. Etnograf Leon Barshchevskiy, general Vladislav Anders, xonanda Anna German kabi tarixiy shaxslar shular jumlasidandir. 20-asr boshlarida mashhur polshalik shifokor Mstislav Fedorovich O'zbekistonda fizioterapiya klinikasiga asos solgan va u hozir ham mavjud. Polyaklarning O'zbekistondagi faoliyatiga bag'ishlangan 18 ta memorial lavha o'rnatildi. Mamlakatda Ikkinchi jahon urushi davridagi Polsha askarlari va tinch aholining ko'plab qabrlari mavjud. Ular O'zbekiston tarixiga kirgan".


Diplomat, shuningdek, O'zbekistonda polshalik investorlar ishtirokida 46 ta korxona, jumladan, 23 ta qo'shma korxona va 23 ta korxona 100 foiz xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko'rsatayotganini ta'kidlagan. 


"Biz to'qimachilik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohalaridan Polsha sarmoyasining kirib kelishini mamnuniyat bilan kutib olamiz, – deya davom etadi O'zbekiston rasmiy vakili. – 2023 yilda mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshib, 400 million AQSH dollariga yetdi".

Intervyuda O'zbekiston demografik jihatdan jadal rivojlanayotgan mamlakat ekanligi qayd etilgan.


"Korxonalar soni ham ortib bormoqda. Kelgusi yillarda energiyaga bo'lgan talab kamida 1,5 barobar ortadi. Bundan tashqari, ayrim tarmoqlarda energiya iste'moli yuqoriligicha qolmoqda. Bu sektor sarmoya talab qiladi va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyat bo'lishi mumkin", – degan O'zbekiston diplomatik missiyasi rahbari.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish