Logo

Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo mamlakatlarning birinchi ilmiy konferensiyasi bo'lib o'tdi

Iyun 29, 2025. 11:23 • 2 daq

104
Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo mamlakatlarning birinchi ilmiy konferensiyasi bo'lib o'tdi

BUDAPESHT, 29-iyun. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 25-26-iyun kunlari Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti a'zo mamlakatlarning birinchi ilmiy konferensiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjuman ishida O'zbekistondan mamlakatimizning yetakchi oliy ta'lim muassasalari, jumladan, O'zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorlari va professor-o'qituvchilaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi qatnashdi.

So'zga chiqqanlar akademik diplomatiya mintaqada o'zaro anglashuv, madaniy o'ziga xoslikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish uchun muhim vositaga aylanib borayotganini alohida ta'kidladilar. Shuningdek, anjuman ishtirokchilari oliy ta'lim sohasidagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratdilar. Qo'shma ilmiy-tadqiqot fondini yaratish, akademik mobillik dasturlarini ishlab chiqish, stipendiya tashabbuslarini amalga oshirish, yozgi maktablar va yoshlar forumlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Jizzax shahrida Vengriya Madaniyat va innovatsiyalar vazirligi va Obuda universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Innotechno Park" loyihasi taqdimoti anjuman ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg'otdi. Loyiha ilm-fan va tadbirkorlik integratsiyasiga innovatsion yondashuvning yorqin namunasi, shuningdek, O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi akademik hamkorlikning muvaffaqiyatli modeli sifatida taqdim etildi.

O'zbekiston oliy o'quv yurtlari vakillari muhokamalarda faol ishtirok etish barobarida, Vengriyaning Obudu, Mishkols, Shecheni, Debretsen va Zemmelveys kabi yetakchi universitetlari rektorlari bilan muzokaralar o'tkazishdi. Muzokaralar chog'ida qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, talabalar va o'qituvchilarning akademik almashinuvi, qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchi mamlakatlar universitetlarning akademik va ilmiy imkoniyatlariga doir taqdimotlar o'tkazildi. Hamkorlikning o'ziga xos shakllari – ikki tomonlama diplom berish dasturlari va qo'shma ilmiy loyihalardan tortib, raqamli platformalar yaratish hamda xakatonlar tashkil etishgacha bo'lgan masalalar muhokama qilindi. O'zbekiston va Vengriya oliy o'quv yurtlari delegatsiyalari tegishli shartnomalar imzolash va yangi tashabbuslarni boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur konferensiyaning o'tkazilishi nafaqat turkiy dunyoda gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish ortib borayotganini tasdiqladi, balki Budapeshtning ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasida jadal rivojlanayotgan mintaqalararo muloqot platformasi sifatidagi rolini ham ta'kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish