Buyuk Britaniya sog'liqni saqlash tizimi o'zbekistonlik hamshiralarga qiziqish bildirmoqda
Mart 12, 2024. 15:26 • 51 soniya
• 357
LONDON, 12-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "NEU Professionals" rekruting kompaniyasi direktori Edita Ozbek bilan onlayn tarzda uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida mamlakatmizda mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan islohotlar, xorijda vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan Prezident qarorlari hamda yaratilgan qulayliklar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
O'z navbatida, Edita Ozbek migratsiya sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yishdan mamnun ekanligini bildirib, mamlakatimizdagi tibbiyot xodimlarini Britaniyada ish bilan ta'minlashga tayyorligini aytib o'tdi. Shuningdek, yurtdoshlarimiz uchun mutaxassislik darajasida ingliz tili kurslarini tashkil etish ta'kidlandi.
Muzokaralar natijasida mamlakatimizning sohaviy vazirlik va idoralari bilan manzilli muzokaralar tashkil etish uchun mazkur rekruting agentligi hamda "Qirollik hamshiralik kolleji" (Royal College of Nursing), "Koventri universiteti" (Coventry University), "Mutaxassis til kurslari" (Specialist Language Course), viza va immigratsiya vakillaridan iborat delegatsiyani 20-23-aprel kunlari O'zbekistonga yuborish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Ma'lumot uchun, "NEU Professionals" 2013-yilda tashkil topgan bo'lib, xorijdan Angliya va Uels bo'ylab kadrlarni yetkazib berish bilan shug'ullanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi