O'zbekiston Latviya bilan transport va logistika yo'nalishlarida kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qiladi
Mart 25, 2025. 16:44 • 57 soniya
• 124
RIGA, 25-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Latviya Transport va kommunikatsiyalar instituti delegatsiyasining 18-21-mart kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "Osiyo xalqaro aviatsiya forumi"da ishtiroki tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar doirasida institut boshqaruvi a'zosi Mixail Savrasov va "Raqamli iqtisodiyot va biznes" doktoranturasi direktori, professor Inna Stetsenko Toshkent davlat transport universiteti prorektori Bahodir To'rayev va Migratsiya agentligi direktori o'rinbosari Azim Husanov bilan uchrashuvlar o'tkazdi.
Muzokaralar chog'ida transport va logistika yo'nalishlarida kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent davlat transport universitetida Yevropa standartlari bo'yicha sertifikatlangan holda og'ir yuk tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, Boltiqbo'yi va Skandinaviya mamlakatlaridagi yetakchi transport-logistika kompaniyalariga ishga joylashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar Latviya Transport va kommunikatsiyalar instituti professor-o'qituvchilarini jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan amaliy va uslubiy o'quv dasturini ishlab chiqish jarayonini boshlashga qaror qildilar.
Professor Inna Stetsenko Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida professor-o'qituvchilar uchun "Ekoturizm va "yashil iqtisodiyot" mavzusida ma'ruza o'qidi. Tadbirda turizm sohasida Yevropa standartlarini joriy etish va O'zbekistonda "yashil" iqtisodiyotini rivojlantirish bo'yicha tajriba almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Serbiya poytaxtlari o‘rtasida hamkorlik yanada rivojlantiriladi
Turkiy davlatlar dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashadi
BAA Adliya vazirligining odil sudlovni amalga oshirish tajribasi o‘rganildi