Lyublyana shahrida O'zbekiston va Sloveniya siyosiy maslahatlashuvlarining to'rtinchi davrasi bo'lib o'tdi
Sentabr 07, 2025. 12:40 • 2 daq
• 98
LYUBLYANA, 7-sentabr. /"Dunyo" AA/. Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Muzaffarbek Madrahimov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Bled strategik forumida ishtirok etdi va Sloveniya Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi bilan siyosiy maslahatlashuvlarning to'rtinchi davrasini o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Siyosiy maslahatlashuvlar doirasida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. O'zbekiston-Sloveniya munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini alohida ta'kidlandi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil may oyida Lyublyanaga buyurgan tashrifining tarixiy ahamiyati, uning natijalari siyosiy muloqotni rivojlantirishda burilish nuqtasi bo'lib, kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratgani alohida qyd etildi.
Sloveniya tomoni oliy va yuqori darajadagi aloqalarni yanada faollashtirish niyatini tasdiqladi.
Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar Lyublyana shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig'ilishini, shuningdek, O'zbekistonga bag'ishlangan biznes seminarni o'tkazish kelishib oldilar.
Uchrashuvlarda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan institutlariga ko'rsatiladigan nomzodlarni o'zaro qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Bled strategik forumi doirasida Bosh vazir o'rinbosari va tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning qator vazirliklari rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazildi. Ular O'zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi