Namangan va Dehli oliy o‘quv yurtlarini "Madaniy-ma’rifiy ko‘prik" bog‘laydi

Noyabr 01, 2026. 10:59 • 2 daq

• 159
Namangan va Dehli oliy o‘quv yurtlarini "Madaniy-ma’rifiy ko‘prik" bog‘laydi
Namangan va Dehli oliy o‘quv yurtlarini "Madaniy-ma’rifiy ko‘prik" bog‘laydi

DEHLI, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Namangan davlat pedagogika instituti va Javaharlal Neru universiteti (JNU) oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik memorandumini imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatni imzolash O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Javaharlal Neru universiteti xalqaro TOP-1000 reytinglari qatoridan joy olgan nufuzli oliygoh hisoblanadi.

Shartnoma qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, pedagogika va ta’lim sohasida tajriba almashish, shuningdek, ikki mamlakat madaniy merosini keng targ‘ib qilishni nazarda tutadi.

Akademik almashinuv hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanadi. Talabalar almashinuvini tashkil etish, hindistonlik yoshlarni Namangan davlat pedagogika institutining yozgi maktablariga jalb qilish hamda o‘qituvchilar uchun malaka oshirish dasturlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, o‘zbek tomoni Javaharlal Neru universitetida “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini ochishni taklif qildi.

Sheriklik madaniy-gumanitar sohani ham qamrab oladi. San’at, fan va ta’lim sohasidagi talabalar hamda mutaxassislar almashinuvi, ko‘rgazmalar, konsertlar, mahorat darslari va festivallar o‘tkazish, shuningdek, o‘zbek milliy san’atini Hindistonda keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy va madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlash, universitetlar hamda ijodiy jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Madaniy-ma’rifiy ko‘prik” loyihasi ham alohida yo‘nalish sifatida amalga oshiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish