Samarqand va Minsk shaharlari to‘g‘ridan to‘g‘ri mediakontent almashinuvini yo‘lga qo‘ydi

Oktabr 31, 2026. 12:30 • 2 daq

• 170
Samarqand va Minsk shaharlari to‘g‘ridan to‘g‘ri mediakontent almashinuvini yo‘lga qo‘ydi

MINSK, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxt Toshkentdan keyin Samarqand shahri ham O‘zbekiston va Belarus jurnalistika jamoatchiligining tashabbusini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Belarus va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmalari, Belarus Milliy Majlisi Respublika Kengashi hamda mamlakatimizning Minskdagi elchixonasi ko‘magida “Minsk-Novosti” agentligi va “Samarqandskiy vestnik” mediaxoldingi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mediakontent almashish bo‘yicha qo‘shma loyihaga start berildi. Hamkorlik doirasida ilk gazeta nashrlari, videoroliklar, radiopodkastlar va ijtimoiy tarmoqlar uchun materiallar keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Loyiha doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda zamonaviy matbuotning dolzarb muammolari, shuningdek, ekspertlar ishtirokida qo‘shma strimlar va multimedia dasturlarini tashkil etish masalalari batafsil muhokama qilindi. Minsklik hamkasblar “Samarqandskiy vestnik” nashrining Samarqandning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish, materiallarni uch tilda (o‘zbek, rus va tojik tillarida) nashr etish hamda shahar matbuot muzeyini tashkil etish borasidagi boy tajribasini yuqori baholadilar.

Loyihaning o‘zbekistonlik asosiy hamkori bo‘lgan “Samarqandskiy vestnik” gazetasi kelgusi yilda 120 yillik yubileyini nishonlaydi. Ushbu nashr Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng nufuzli mediatuzilmalardan biri hisoblanadi.

Mazkur qo‘shma loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro maydonda ishonchli axborot makonini kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish