Logo

O'monda "Buxoro sadolari: madaniyat kuni" nomli ilmiy-madaniy tadbirlar o'tkazildi

Aprel 21, 2025. 10:22 • 2 daq

111
O'monda "Buxoro sadolari: madaniyat kuni" nomli ilmiy-madaniy tadbirlar o'tkazildi

MASKAT, 22-aprel. /"Dunyo" AA/. Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov boshchiligida mazkur oliy ta'lim muassasasi va viloyat filarmoniyasi vakillaridan iborat delegatsiya 15-16-aprel kunlari O'monda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida Buxoro viloyati delegatsiyasi Maskat va Nizva shaharlarida bir qator uchrashuv va tadbirlar o'tkazdi.

Jumladan, Maskat universiteti rektori, professor Xamis al-Yax'yai bilan kechgan muloqot chog'ida o'zaro hamkorlik aloqalarini o'rnatish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.

Shuningdek, mazkur universitetda o'zbek milliy hunarmandchiligi va miniatyura san'atiga bag'ishlangan ko'rgazma hamda "Buxoro burchagi" tashkil etildi.

Yig'ilganlar e'tiboriga O'zbekiston madaniyati, tarixi, buyuk ajdodlarimiz ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Buxoro filarmoniyasi tomonidan taqdim etilgan "Buxoro sadolari: madaniyat kuni" nomli konsert dasturi barchaga manzur keldi.

O'zbekiston vakillari O'monning ad-Daxiliya muhofazasi markazi – Nizva shahridagi Nizva universitetida ham bo'ldi. Dastlab mazkur oliy ta'lim muassasasi rektori, professor Ahmad Halfan Al-Ravahi bilan uchrashuv o'tkazildi.

Muloqot chog'ida tomonlar hamkorlik aloqalarini o'rnatish bo'yicha fikr almashdilar. Buxoro davlat universiteti rektori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va yurtimiz oliy ta'lim tizimidagi ijobiy o'zgarishlar haqida so'zlab berdi.

Mazkur oliy ta'lim muassasasida ham O'zbekiston san'at ustalari ishtirokida konsert dasturi bo'lib o'tdi. Tomoshabinlar o'zbek milliy raqslari hamda kuy va qo'shiqlarini davomli olqishlar bilan kutib oldilar.

Bundan tashqari, O'zbekiston elchixonasi ko'magida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovning ad-Daxiliya gubernatori va O'mon oliy ta'lim, tadqiqotlar va innovatsiya vazirligi departamenti rahbari bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Muzokaralarda ad-Daxiliya va Buxoro viloyati o'rtasida iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish, oliy ta'lim sohasida qo'shma dasturlarni yo'lga qo'yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish