Janubiy Koreya kompaniyasi O'zbekistonda IT ta'limni rivojlantirish maqsadida «Smart class» xonalarini tashkil etish taklifini bildirmoqda
Dekabr 19, 2023. 15:59 • 2 daq
• 145
TOSHKENT, 19-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning «Hancom Group» kompaniyasi raisi o'rinbosari Sonjun Byon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Raqamli texnologiyalar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda Janubiy Koreya va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik yuqori baholandi. IT sohasini rivojlantirish, ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilash maqsadida Inha universiteti tashkil etilgani, ushbu oliy ta'lim muassasasidan har yili ko'plab mutaxassislar yetishib chiqayotgani ta'kidlandi.
Janubiy Koreya tomoni kompaniya haqida ma'lumot berar ekan, tashkilot dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha Koreya Respublikasida yetakchi o'rinda turishini, bundan tashqari, 30 dan ortiq boshqa yo'nalishlarda ham faoliyat olib borishini ma'lum qildi. Kompaniya vakili, shuningdek, O'zbekistonda IT ta'limni rivojlantirish maqsadida «Smart class» zamonaviy xonalarini tashkil etish va unda dasturlash hamda sun'iy intellekt yo'nalishlarida ta'lim olib borish bo'yicha o'z takliflarini bildirdi.
O'zbekiston tomoni mamlakatimizni mintaqaviy IT xabga aylantirish asosiy maqsad ekanini qayd etgan holda, mazkur taklifni unga hamohang tarzda amalga oshirish mumkinligini bildirdi. Bu o'z navbatida, o'zbek yoshlarini chetga chiqmagan holda yuqori maoshli ish bilan ta'minlash va IT xizmatlar eksportini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, «Hancom Group» kompaniyasi IT Park rezidenti bo'lishga taklif etilib, undagi soliq imtiyozlari haqida ma'lumot berildi hamda kompaniya bilan hamkorlikda ishlash ikki tomon uchun ham foydali bo'lishi ma'lum qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi