Logo

Sirdaryoda O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumi bo'lib o'tdi

Aprel 26, 2025. 11:19 • 52 soniya

71
Sirdaryoda O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumi bo'lib o'tdi

AL-KUVAYT, 26-aprel. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Guliston shahrida O'zbekiston va Kuvayt ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o'tkazildi, deb xabar qilmoqda, "Dunyo" AA muxbiri.

Unda sog'liqni saqlash, farmatsevtika, chorvachilik, qishloq xo'jaligi, avtosavdo va xizmat ko'rsatish yo'nalishlarida faoliyat ko'rsatayotgan Kuvaytning yetakchi kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.

Tadbirda ikki tomonloma investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kuvaytning "AlMarshoud" kompaniyasi ta'sischisi Ali Al Marshud Sirdaryo viloyatida "Avtorim" brendi ostidagi avtosavdo va xizmat ko'rsatish markazi filialini ochish taklifini bildirdi.

"O'zbekistonda tadbirkorlik uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, qulay infratuzilmaning mavjudligi esa meni juda quvontirdi. Bu sa'y-harakatlar mamlakat iqtisodiyotining jadallik bilan o'sishida muhim omil bo'layapti", dedi u.

Biznes-forum yakunida Boyovut tuman hokimligi va Kuvaytning "Gulf Care General Trading Co" kompaniyasi o'rtasida tibbiy diagnostika markazini tashkil etish va zamonaviy xizmat ko'rsatish markazini tashkil etish bo'yicha memorandum imzolandi.

Kuvaytlik tadbirkorlar safar davomida, shuningdek, Sirdaryo tumanidagi "Peng Sheng" qo'shma korxonasiga qarashli xo'jalik santexnika buyumlari, keramika plitkalar va charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati bilan tanishdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish