O'zbekiston zargarlari Kuvaytda o'tkaziladigan zargarlik mahsulotlari yarmarkasi va forumida ishtirok etadi
Iyun 06, 2025. 13:26 • 54 soniya
• 47
AL-KUVAYT, 6-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida davlatimiz rahbarining "Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Kuvaytning zargarlik sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchilari, dizaynerlar, tadqiqotchi olimlar, zargarlar va hunarmandlar qatnashdi.
Yig'ilganlarga O'zbekistonda zargarlik sohasini rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, usta-zargarlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar, O'zbekiston zargarlik sanoati uyushmasi faoliyati haqida so'zlab berildi. O'zbekiston Prezidentining mazkur qarorida belgilangan vazifalar va ularning ijrosiga alohida e'tibor qaratildi.
Kuvayt vakillari O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida barcha sohalarda, shu jumladan zargarlik yo'nalishida olib borilayotgan yangilanishlarni yuksak baholadilar. Shuningdek, ular o'zbek sheriklari bilan sohada qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirishdi.
Tadbir yakunida O'zbekiston Zargarlik sanoati uyushmasi vakillari va kuvaytlik dizaynerlar o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etish, Al-Kuvayt shahrida har yili o'tkaziladigan zargarlik mahsulotlari yarmarkasi va Ko'rfaz arab davlatlari mutaxassislarining yillik zargarlik forumida o'zbek tadbirkorlarining ishtirokini ta'minlash hamda "Qadriyatlar va hunarmandchilik ko'rgazmalari, iqtidorli kuvaytliklar" guruhi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish to'g'risida kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi