Logo

Makkada «O'zbekiston» birinchi o'zbek milliy taomlari restorani ochiladi

Noyabr 23, 2023. 19:52 • 45 soniya

694
Makkada «O'zbekiston» birinchi o'zbek milliy taomlari restorani ochiladi

JIDDA, 23-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulligida Saudiya Arabistonida tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan vatandoshimiz Xayrullo Ikromov bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, investitsiyaviy va sayyohlik muhitining jozibadorligini oshirish bo'yicha qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. 

O'z navbatida, Xayrullo Ikromov O'zbekistonda kechayotgan yangiliklarni doim kuzatib borishini, jumladan, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida erishilgan yuksak natijalar bilan faxrlanishini ta’kidladi. 

«Xorijda uzoq yillardan beri restoran biznesi bilan shug'ullanib kelaman. Makkada o'zbek milliy taomlariga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib, ushbu shaharning markaziy qismida yangi tamaddixona ochayapmiz. Ushbu restoranga «O'zbekiston» deb nom qo'ydik», dedi u.

Yangi tashkil etilayotgan restoranga bosh oshpaz, nonvoy va boshqa xodimlarni O'zbekistondan jalb etishga kelishib olindi. 

 

Makka shahridagi «O'zbekiston» birinchi milliy taomlar restoranining rasmiy ochilish marosimi 28 noyabr kuni bo'lib o'tadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish