Logo

"Save Soil" xalqaro harakati O'zbekiston bilan tuproqni qayta tiklash bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda

Iyun 14, 2025. 12:21 • 2 daq

85
"Save Soil" xalqaro harakati O'zbekiston bilan tuproqni qayta tiklash bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda

DEHLI, 14-iyun. /"Dunyo" AA/. Atigi ikki yil davomida "Save Soil" xalqaro harakatining Rossiya va Markaziy Osiyo bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Sujata Rajagopal uchun tabiatga bo'lgan oddiy qiziqish haqiqiy faoliyat ko'lamiga aylandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

U "Conscious Planet" portalida O'zbekiston bo'ylab qilgan amaliy sayohati haqida so'z yuritgan. Sujata Rajagopal o'zining mualliflik maqolasida "Save Soil" vakillari 2024-2025-yillarda tuproq holatini o'rganish va uni tiklash bo'yicha hamkorlikni muhokama qilish uchun O'zbekistonga qilgan ishchi safarlari haqida hikoya qilgan. "O'zaro muloqotlar va uchrashuvlar davomida hindistonlik mutaxassislar tuproqning ahvoli bilan bog'liq asosiy tahdidlarni o'rgangan, shuningdek, mamlakatning rasmiy idoralari va ilmiy doiralari vakillari bilan hamkorlik yo'llarini belgilab olgan", – deya ta'kidlaydi muallif.


Sujata Rajagopal O'zbekiston tuprog'ining holati bir xil emasligi, unda degradatsiya alomatlari mavjudligini ta'riflagan. U tuproq sho'rlanishi kabi dolzarb masalalarga e'tibor qaratadi, ayniqsa Buxoroda tuproq sho'rlanish darajasi bo'yicha mamlakatda ikkinchi o'rinda turishi haqida to'xtaladi. "Mintaqadagi yerlarning 20 foizdan ortig'i degradatsiyaga uchragan, bu esa aholi sonining o'sishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Yildan-yilga ekologik falokatlar ta'siri tobora kuchliroq sezilayotir. Orol dengizining sho'rxok cho'lga aylanib borayotgani o'tgan asrda suv resurslaridan nooqilona foydalanish oqibatlaridan ogohlantiruvchi misol bo'lib xizmat qilmoqda", – deya urg'ulangan materialda.


"Save Soil" eksperti, shuningdek, O'zbekistonda tuproq unumdorligini saqlash va ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil sa'y-harakatlar haqida so'z yuritgan. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yashil makon" loyihasi mamlakatda yashil qoplamni 8 foizdan 30 foizgacha oshirish hamda tuproq holatini yaxshilashga qaratilgan, deb ta'kidlagan.


Bundan tashqari, muallif O'zbekiston va "Save Soil" xalqaro harakati o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida mulohaza yuritgan.


"2024-yilda Bokuda (Ozarbayjon) bo'lib o'tgan COR29 xalqaro anjumani doirasida O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi hamda "Save Soil" tashkiloti o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumining imzolangani ikki tomonlama hamkorlikka asos soldi. Tashkilot vakillari 2025-yil aprel oyida Samarqandda o'tkazilgan iqlim forumida faol ishtirok etdi", – deb qayd etiladi nashrda.


"Save Soil" tashkiloti fermerlar bilan ishlash bo'yicha ilg'or usullarni taklif etmoqda, zamonaviy bilim va ko'nikmalar taqdim qilmoqda, ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim muassasalari va ilmiy laboratoriyalarda ma'ruzalar uyushtirmoqda, tuproqni saqlash bo'yicha bilimlarni tarqatishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish