Namangan viloyati delegatsiyasi Germaniyada bir qator samarali uchrashuvlar o'tkazdi
Noyabr 18, 2023. 11:24 • 4 daq
• 189
BERLIN, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Germaniyada bo'ldi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston va Germaniya o'rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini ta'minlash doirasida Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya 12-15 noyabr kunlari Berlin va Shtutgart shaharlarida bo'lib, yirik nemis kompaniyalari hamda ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Uchrashuvlar natijasida hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha qator kelishuvlar imzolandi.

Jumladan, Germaniya poytaxtida Namangan viloyati delegatsiya bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar, B2B muzokaralar o'tkazdi. "Textima Import Export GmBH" kompaniyasi bosh direktori Hayke Hundertmark bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda viloyatdagi qator yirik tekstil korxonalari tomonidan ushbu mamlakatga yo'naltirilayotgan mahsulotlar hajmini oshirish, yangi loyihalarni moliyalashtirish to'g'risida aniq kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar nemis kompaniyasining Namangan viloyatida tekstil korxonalariga texnik xizmat ko'rsatish servis markazi hamda kompaniya vakolatxonasini ochish masalalarini muhokama qildilar.
"BEL - Bio Energy-Land" kompaniyasi raisi Frenk Risbek bilan kechgan uchrashuvda viloyatda yopiq turdagi vertikal issiqxonalarni tashkil etish, mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda tegishli investitsion loyihani amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Namangan viloyati delegatsiyasi va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo'mitasi bosh direktori Mixael Xarms o'rtasida bo'lib o'tgan muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologiya sohalarida hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Germaniyaning to'qimachilik, mashinasozlik, yengil sanoat, metallurgiya, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari bilan investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini o'rnatish maqsadida 2024 yil mart-aprel oylarida Namangan viloyatida biznes-forum o'tkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, Namangan viloyatida gazoblok va gazobeton ishlab chiqarishni tashkil etish investitsiyaviy loyihasi bo'yicha "Wehrhahn" kompaniyasi rahbariyati, viloyatda baliq va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarishni tashkil etish sarmoyaviy loyihasi yuzasidan "Amandus Kahl" kompaniyasi, sement mahsulotlari ishlab chiqarish borasida "VOLLERT" va "GABEC GmbH" kompaniyalari bilan hamkorlik qilish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Mahalliy korxonalarning Yevropa bozoriga kirib borishini soddalashtirish, dunyo tajribasi asosida eksport sug'urtasi bozorini rivojlantirish borasida nufuzli "Euler Hermes" sug'urta kompaniyasi bilan mahalliy korxonalarga Germaniya banklari tomonidan imtiyozli kredit liniyalarini taqdim etish hamda eksportchi korxonalarga amaliy yordam ko'rsatish yuzasidan ahdlashib olindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi «Deutsche Bank» bankining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo'yicha ijrochi direktori Yorg Bongarts bilan investitsion loyihalarni moliyalashtirish masalalarini muhokama qildi. Nemis banki bilan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish hamda mahalliy byudjetga kreditlar ajratish kabi masalalar ham ko'rib chiqildi.
Navbatdagi uchrashuvda Aleksandr fon Humboldt jamg'armasi departamenti rahbari Katya Yang bilan Namangan viloyatidagi oliy o'quv yurtlarini yana-da rivojlantirish uchun grantlar ajratish masalasi muhokama qilindi va hamkorlik bo'yicha tegishli memorandum imzolandi.
Shtutgart shahrida Germaniya to'qimachilik ishlab chiqaruvchilari "Gasamtmasche" uyushmasi ijrochi direktori Silviya Yungbauer bilan muloqot uyushtirildi. Uchrashuv avvalida Namangan viloyatining to'qimachilik sohasi salohiyati hamda imkoniyatlari taqdim etildi.
Silviya Yungbauer Namangan viloyatidagi tekstil korxonalari bilan nemis uyushmasi vakillari o'rtasida keng qamrovli hamkorlikni o'rnatish imkoniyatlari yuqoriligini ta'kidladi. U o'zbek-nemis korxonalari o'rtasida B2B uchrashuvlarni tashkil qilish masalasini o'zbek tomoni bilan birga ishlab chiqishga tayyorligini qayd etdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari Albshtadt shahrida joylashgan «GROZ BECKERT» kompaniyasining Tekstil texnologik markazi hamda Akademiyasiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida tekstil yo'nalishida yaratilgan yangi texnologiyalar, innovatsion yechimlar hamda asbob va uskunalar bilan tanishildi.
Albshtadt-Zigmaringen universitetida bo'lib o'tgan uchrashuvda davomida mazkur oliy o'quv yurti tekstil fakulteti faoliyati bilan tanishildi va Namangan tekstil instituti bilan professor-o'qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish, o'qitishni yangi metodlarini joriy qilish yo'nalishlarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Muxtasar qilib aytganda, Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Germaniyaga bo'lib o'tgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga hamda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi