Namangan davlat pedagogika instituti Hindiston universitetlari bilan hamkorlikni faollashtirmoqda
Iyun 04, 2025. 07:37 • 2 daq
• 119
DEHLI, 4-iyun. /"Dunyo" AA/. Namangan davlat pedagogika instituti delegatsiyasi Hindistonning Gujarat shtatidagi Parul universitetida xalqaro talabalarga diplom topshirish marosimida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xalqaro tadbir doirasida O'zbekistonda so'nggi yillarda ta'lim sohasida hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlarning natijalari, oliy bilim yurtlarining xalqaro ko'lamda yildan yilga o'sib borayotgan mavqei haqida so'zlab berildi. Namangan davlat pedagogika institutining o'quv salohiyati va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari taqdim qilindi.
O'zbekiston vakillari Parul universitet rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazib, ikki oliy bilim yurti o'rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Professor-o'qituvchilar va talabalar almashishni yo'lga qo'yish, yangi qo'shma o'quv dasturlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish, birgalikda ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish va boshqa dolzarb yo'nalishlardagi sheriklik yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, delegatsiya a'zolari hindistonlik yoshlarni Namanganda oliy ta'lim olishga jalb qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Parul universiteti fakultetlari, ilmiy laboratoriyalari, kutubxonalari faoliyati hamda xalqaro talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Parul universiteti Hindistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri bo'lib, axborot texnologiyalari, muhandislik, me'morchilik, huquqshunoslik, tibbiyot, qishloq xo'jaligi, tijorat, biznes ma'murchiligi va boshqa yo'nalishlarda 200 dan ortiq o'quv dasturlarini taklif qiladi. Mazkur universitet bitiruvchilari "Google", "Facebook", "Amazon" va boshqa yirik xalqaro tuzilmalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi