Logo

Kuala-Lumpur shahrida Malayziyaning axborot texnologiyalari va innovatsiya bo'yicha yetakchi universiteti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

May 25, 2025. 14:36 • 55 soniya

92
Kuala-Lumpur shahrida Malayziyaning axborot texnologiyalari va innovatsiya bo'yicha yetakchi universiteti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

KUALA-LUMPUR, 25-may. /"Dunyo" AA/. Toshkent viloyati hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Otabek Sultanbekov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga safari davomida Kuala-Lumpur shahridagi Osiyo-Tinch okeani texnologiya va innovatsiya universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida universitet rektori Xo Chin Kuan bilan fan va innovatsiyalar sohasida O'zbekiston universitetlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali bilan avtomatizatsiya, mexanizatsiya va robototexnika yo'nalishlarida hamkorlik qilish, ta'limda sun'iy intellektni qo'llash bo'yicha qo'shma dasturlarni tashkil etish bo'yicha fikr almashildi. Oliy ta'lim sohasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalari o'rnatilib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari, shuningdek, mazkur universitetning kiberxavfsizlik, moliyaviy monitoring va menejment, ma'lumotlarni boshqarish kabi qator sohalarda real vaqt rejimida talabalar ishtirokida faoliyat olib borayotgan raqamli texnologiyalarning eng zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan laboratoriyalari bilan tanishdi.

Osiyo-Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalar universiteti 1993-yilda tashkil etilgan. U Malayziya Raqamli iqtisodiyot korporatsiyasining raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan yetakchi universiteti maqomiga ega.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish