Logo

"Biznes diplomat" loyihasi a'zolari va Malayziya kompaniyalari ishtirokida biznes muloqot o'tkazildi

Iyun 22, 2025. 10:31 • 3 daq

41
"Biznes diplomat" loyihasi a'zolari va Malayziya kompaniyalari ishtirokida biznes muloqot o'tkazildi

KUALA-LUMPUR, 22-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida mamlakatimizdagi "Biznes diplomat" loyihasi a'zolari va Malayziyaning bir qator kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes muloqot o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi "Biznes diplomat" loyihasi a'zolariga Malayziyaning yetakchi kompaniyalari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot o'rnatish, o'zaro investitsiyaviy va savdo imkoniyatlarini o'rganish, shuningdek, qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishishdan iborat.

Tadbirda "Biznes diplomat" loyihasi bo'lgan 20 ta korxona rahbari va asoschilari hamda Malayziyaning 30 yaqin kompaniyalari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.

Biznes muloqotni O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev kirish nutqi bilan ochib berdi. Diplomat ishtirokchilarga O'zbekistonda so'nggi yillarda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash bo'yicha keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to'g'risida batfsil so'zlab berdi.

"Biznes diplomat" loyihasi rahbari Mirshod Shakirov o'z chiqishida, O'zbekistonda o'z biznes faoliyatini boshlash va hamkorlar bilan istiqbolli yo'nalishlarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun fursat kelganligini ta'kidladi. U, shuningdek, Malayziya vakillarini mamlakatimizga tashrif buyurishga va nafaqat O'zbekiston balki butun Markaziy Osiyo davlatlari bozorlarini kashf qilishga chaqirdi.

"Biznes diplomat" loyihasi a'zolari o'z faoliyatlari to'g'risida taqdimot qildilar. Taqdimotda Malayziya ishbilarmonlari bilan qurilish va arxitektura, ta'lim, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chakana va ulgurji savdo, IT-autsorsing va turizm sohalaridagi hamkorlik munosabatlarini o'rnatishga alohida e'tibor qaratildi.

Malayziya kompaniyalari o'zlarining ilg'or texnologiyalari va tajribalarini O'zbekiston bozoriga olib kirish, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish (quyosh elektr stansiyalari), islomiy moliya institutlarini, raqamli infratuzilma va sun'iy intellekt yechimlarini joriy etishga qiziqish bildirishdi.

Malayziya ishbilarmon doiralari vakillarida O'zbekistondagi kuzatilayotgan ijobiy o'zgarishlar va biznes yuritish uchun yaratilgan qulayliklar katta taaasurot qoldirdi. Ular elchixona tomonidan tashkil etilgan tadbir o'zaro amaliy biznes muloqot uchun samarali platforma bo'lib xizmat qilishini bildirishdi.

Tadbir yakunida ikkala mamlakat biznes vakillari o'rtasida B2B shaklidagi uchrashuvlar o'tkazildi. Malayziya kompaniyalari bilan O'zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish va "Biznes diplomat" a'zolari bilan aniq yo'nalishlar bo'yicha muzokaralar o'tkazishga kelishib olindi.

Karen Fayrklaf Ng, Malayziya o'rta darajadagi kompaniyalari konsorsiumi (MCMTC) ijrochi direktori:

– O'zbekiston elchixonasiga MCMTC rezident kompaniyalarini "Biznes diplomat" loyihasi a'zolari bilan uchrashuvga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Bugungi biznes muloqot sermazmun bo'ldi deb hisoblayman. Tadbir O'zbekiston va Malayziya tadbirkorlari o'rtasida ko'prik vazifasini bajarib bermoqda. O'ylaymanki, biz birgalikda har ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lgan natijalarga erishamiz. Yaqin kelajakda o'zaro manfaatli hamkorlik loyihalarining amalsha oshirilishiga umid qilamiz.

Daniyel Sze Vay, "Thumbprints Utd Sdn Bhd" kompaniyasi savdo direktori:

–      Kompaniyamiz Buyuk Britaniya, Amerika va Yevropa Ittifoqi ta'lim standartlari asosida bolalar uchun innovatsion o'quv qo'llanmalarni chop etish bilan shug'ullanadi. Biz yaratayotgan o'quv qo'llanmalalari xavfsiz va bolalar ongini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biz O'zbekiston matbaa korxonalar bilan ushbu turlagi kitoblarni hamkorlikda chop etish va maktabgacha ta'lim muassasalariga yetkazib berishga bo'yicha hamkorlik qilish taklifini ilgari surdik. Maqsadimiz O'zbekiston yosh avlodi vakillarining bilim-ko'nikmalarini yana-da rivojlantirishga hissa qo'shish.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish