O'zbekiston davlat tashkilotlari xodimlari Malayziyada malaka oshirdi
May 05, 2024. 09:03 • 2 daq
• 194
KUALA-LUMPUR, 5-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston davlat tashkilotlari xodimlari Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida Kuala-Lumpur shahrida tashkil etilgan maxsus o'quv kursini muvaffaqiyatli tamomladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

22-30-aprel kunlari bo'lib o'tgan o'quvlar Malayziya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti tomonidan ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari vakillari uchun tashkil qilindi.
Unda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan vakillar qatnashdi.
O'quv mashg'ulotlari iqtisodiy diplomatiya, xalqaro munosabatlar, ikki va ko'p tomonlama hamkorlik, xalqaro muzokaralar, inqirozlarni boshqarish, ijodiy iqtisodiyot kabi mavzularni qamrab oldi.
Tadbirlar doirasida O'zbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, "O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati, mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyati bo'yicha taqdimotlar o'tkazildi.
Mazkur kurs joriy yildagi respublika vakillari uchun Malayziyada tashkil etilgan ilk o'quv dasturidir. Bugungi kunga qadar MTCP kurslarida 816 nafar o'zbekistonlik mutaxassislar malaka oshirgan.
Malayziya texnik hamkorlik dasturi rivojlanayotgan hamkor mamlakatlarda inson kapitalini rivojlantirish maqsadida 1980-yilda tashkil etilgan. Dastur Malayziya TIV tasarrufida faoliyat yuritadi. Texnik ko'mak doirasida davlat idoralari va oliy ta’lim muassasalari vakillari uchun turli yo'nalishlarda o'quv va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti 1991-yilda tashkil topgan. Institutning asosiy vazifasi Malayziya diplomatlari, xalqaro va mahalliy mutaxassislar uchun diplomatiyaning turli yo'nalishlari bo'yicha malakasini oshirishdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi