Logo

O'zbekiston va Hindiston jurnalistika sohasida mutaxassislar tayyorlash bo'yicha hamkorlikni faollashtirmoqda

May 31, 2025. 01:01 • 2 daq

52
O'zbekiston va Hindiston jurnalistika sohasida mutaxassislar tayyorlash bo'yicha hamkorlikni faollashtirmoqda

DEHLI, 31-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O'zJOKU) delegatsiyasi Hindiston oliy bilim yurtlarida muzokaralar o'tkazib, o'zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hindistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblangan Jamiya Milliya Islomiya markaziy universitetida (JMI) bo'lib o'tgan muloqot chog'ida jurnalistika sohasini tanlagan yoshlarga zamonaviy bilimlar berish, bugungi kunda dunyoda ro'y berayotgan voqealar mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qila olish ko'nikmalarini tarbiyalash, ilg'or axborot texnologiyalaridan oqilona va samarali foydalanish, boshqa dolzarb yo'nalishlardagi hamkorlik yo'nalishlari muhokama qilindi.

O'zJOKU va JMI huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar tadqiqot markazi o'rtasida professor va talabalar almashish, qo'shma leksiyalar o'tkazish, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilish, birgalikda ilmiy jurnallar va to'plamlar nashr etish yuzasidan amaliy takliflar ko'rib chiqildi.

MERI institutlar guruhidagi uchrashuvda ham istiqboldagi o'zaro manfaatli sheriklik aloqalari muhokama qilindi.

Mazkur oliy bilim yurtining Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar kollejida nazariy bilimlar olish va amaliyot jarayonlari uyg'un tarzda yo'lga qo'yilgan. Talabalar uchun jurnalistikaning turli yo'nalishlarida, jumladan, televideniye va radio sohasida materiallar tayyorlash uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Bo'lajak jurnalistlarning aksariyat qismi mamlakatning ko'plab yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qiladi.

Tashrif doirasida O'zJOKU va MERI institutlar guruhi o'rtasida Ahdlashuv memorandumi imzolandi.

– Memorandumda talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvini amalga oshirish, birgalikda ta'lim dasturlari ishlab chiqish, qo'shma diplom berish, shuningdek, seminarlar, konferensiyalar uyushtirish, istiqbolli yo'nalishlarda ilmiy tadqiqotlar o'tkazish masalalari ko'zda tutilgan, – deydi universitet vitse-prezidenti professor Lalit Aggarval. –Universitetlarimiz o'rtasidagi mazkur hamkorlik Hindiston Bosh vaziri va O'zbekiston Prezidenti tomonidan ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha belgilangan yuksak maqsadlarga erishishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

O'zJOKU delegatsiyasi Dehli shahrida tashkil etilgan O'zbekiston-Hindiston Ta'lim va biznes forumida ham ishtirok etib, universitet o'quv va ilmiy salohiyatini taqdim qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish