O‘zbekiston va Hindiston mamlakatimizning JSTga aʼzo bo‘lishi doirasida Bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi protokolni imzoladi

May 29, 2026. 10:40 • 2 daq

292
O‘zbekiston va Hindiston mamlakatimizning JSTga aʼzo bo‘lishi doirasida Bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi protokolni imzoladi

DEHLI, 29-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Hindiston mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lishi jarayoni doirasida Bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi protokolni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining JST masalalari bo‘yicha vakili, bosh muzokarachi Azizbek Urunov o‘zining LinkedIn‘dagi sahifasida maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Hindiston tomoni bilan ushbu masala bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Biroq Dehli bilan texnik tekshiruv va protokol matnini muvofiqlashtirish uchun muayyan saʼy-harakatlar talab etildi. Shunga qaramay, bozorga kirish masalalarining mohiyati bo‘yicha Hindiston konstruktiv yondashuv namoyish etdi.

Azizbek Urunov Hindistonga O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamda Hindistonning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi hissasini alohida qayd etdi.

Bosh muzokarachining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni ushbu hujjat mamlakatimizning JSTga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha materiallarning umumiy paketiga kiritilishi va konsolidatsiya qilinishi uchun protokolning bir asl nusxasini zudlik bilan mazkur xalqaro tashkilot Kotibiyatiga topshiradi.

O‘zbekiston JSTga to‘laqonli aʼzolikni joriy yil rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish