Logo

O'zbekiston va Eron baliqchilik tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha hamkorlik qiladi

May 27, 2024. 17:56 • 2 daq

166
O'zbekiston va Eron baliqchilik tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha hamkorlik qiladi

TEHRON, 28-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi, "O'zbaliqsanoat" uyushmasi va ishbilarmon doira vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Eronga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasidan olingan ma'lumotga ko'ra, tashrif davomi O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Eron qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari - Baliqchilik tashkiloti raisi Said Xosseyniy bilan uchrashuv o'tkazdilar.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va Eron o'rtasida baliqchilik, akvakultura, chorvachilik, veterinariya va qishloq xo'jaligi bo'yicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda mamlakatimizda qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Eron qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari mamlakatning baliqchilik va akvakultura bo'yicha salohiyati to'g'risida ma'lumot berdi. Qayd etilishicha, 2023-yilda Eronda 1,4 million tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarilgan va qiymati 650 million AQSh dollariga teng 210 ming tonna baliq va dengiz mahsulotlari eksport qilingan.

O'zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev o'z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida batafsil so'zlab berdi.

"O'zbaliqsanoat" uyushmasi vakillari O'zbekistonning baliqchilik salohiyati va imkoniyatlari hamda ushbu yo'nalishda hayotga tadbiq etilayotgan dasturlar yuzasidan taqdimot o'tkazishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu sohada o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish to'g'risida kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish