Logo

Rimda Italiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi

May 18, 2025. 03:46 • 2 daq

92
Rimda Italiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi

RIM, 18-may. /"Dunyo" AA/. Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi va "Vision & Global Trends" global tadqiqotlar xalqaro instituti tomonidan Rim shahrida "Italiya va Markaziy Osiyo hamkorligi" mavzusida davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Italiya TIV, davlat tashkilotlari, Markaziy Osiyo davlatlari elchilari, "aql markazlari", universitetlar, ilmiy doira va matbuot vakillari qatnashdi.

Tadbir dasturi doirasida mintaqaviy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarga bag'ishlangan panel muhokamalari bo'lib o'tdi. Tomonlar Markaziy Osiyo va Italiya o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning bugungi holati, istiqbolli hamkorligi, madaniyat va ta'lim yo'nalishlardagi sheriklikni mustahkamlash borasida fikr almashildilar.

Davra suhbati avvalida Italiya Bosh vaziri o'rinbosari, tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Antonio Tayanining tadbir qatnashchilariga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi. Unda Italiya uchun Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati tobora oshib borayotgani, shuningdek, mintaqa bilan o'rnatilgan yaqin hamkorlik buning tasdig'i ekanligi qayd etildi.

Yig'ilishda so'zga chiqqan Italiya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Edmondo Chiriyelli, uzoq ming yillik tarixga ega ushbu mintaqa turli sivilizatsiyalar chorrahasida joylashganini, O'rta asrlarda Sharqqa safar qilgan italiyalik mashhur sayohatchi Marko Polo mazkur mintaqa to'g'risida nodir manbalar qoldirganini ta'kidladi. Ma'ruzachi oxirgi yillarda Italiyaning mintaqa davlatlari bilan hamkorlik ko'lami oshib borayotganidan mamnunlik bildirdi.

O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev o'z ma'ruzasida, ikki davlat o'rtasida bo'lib o'tgan oliy darajadagi uchrashuvlar, shuningdek, o'rnatilgan strategik sheriklik tufayli o'zaro aloqalar sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarilganini va bu borada barcha jabhalarda ro'yobga chiqarilayotgan loyihalar haqida so'zlab berdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida kuzatilayotgan o'zaro ishonch va yaxshi qo'shnichilik, keng ko'lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari yuqori baholandi. Italiya bilan birgalikda energetika, infratuzilma loyihalari, savdo-investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamda boshqa ko'plab yo'nalishlarda hamkorlikning keng istiqbollari mavjudligi urg'ulandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish