Logo

Saudiya Arabistonining yetakchi tibbiyot majmuasiga O'zbekistondan malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish bo'yicha muzokaralar o'tkazildi

Yanvar 30, 2024. 18:26 • 2 daq

262
Saudiya Arabistonining yetakchi tibbiyot majmuasiga O'zbekistondan malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish bo'yicha muzokaralar o'tkazildi

JIDDA, 30-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Jiddagi Bosh konsulligida Saudiya Arabistonining «Al-Zafer Hospital» shifoxonasi bosh koordinatori Zohair Hebah bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston fuqarolarini xorijda uyushgan holda ish bilan ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida O'zbekistonda sog'liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko'rsatish va ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, malakali tibbiy kadrlar tayyorlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish hamda jamiyatda sog'lom turmush tarzini shakllantirish borasida olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida ma'lumotlar Saudiya vakili e'tiboriga taqdim qilindi.

Zohair Hebah o'z navbatida, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalarini e'tirof etdi. Uning aytishicha, O'zbekistonda tibbiyot sohasi jadal sur'atlar bilan rivoj topib bormoqda. Shuningdek, o'zbek shifokorlarining bilim va tajribasi hech bir xorijiy davlatlarning yetakchi tibbiyot vakillaridan kam emasligi ta'kidlandi.

«Aksariyat arab davlatlarida, jumladan, Saudiya Arabistonida ham O'zbekistondan kelgan tajribali va malakali shifokorlar samarali faoliyat yuritib kelmoqda, - dedi u. - «Al-Zafer Hospital» majmuasida xorijiy shifokorlar va hamshiralarga ehtiyoj mavjud. Biz ushbu bo'sh o'rinlarga O'zbekistondan malakali mutaxassislarni ishga taklif etishdan mamnunmiz».

Uchrashuv yakunida tomonlar bildirilgan takliflarni O'zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari xodimlari bilan birgalikda muhokama qilishga kelishib oldilar.

Eslatib o'tamiz, avvalroq o'zbekistonlik diplomatlar Qatar vakillari bilan muzokaralar o'tkazib, mamlakatimizdan ingliz tilini mukammal biladigan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qilish masalalarini muhokama qilingan edilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish