Logo

Dehli shahrida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press-klubi o'rtasida ahdlashuv memorandumi imzolandi

Iyun 03, 2024. 07:16 • 3 daq

287
Dehli shahrida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press-klubi o'rtasida ahdlashuv memorandumi imzolandi

DEHLI, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari delegatsiyasi Hindistonda o'zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga qaratilgan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Hindiston Press-klubida bo'lib o'tgan muloqot chog'ida ikki davlat o'rtasida so'nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan serqirra hamkorlikni keng yoritish, mamlakatlarimizda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ushbu jarayonga yetakchi ommaviy axborot vositalarini faol jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekistonning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyev, "Yangi O'zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Hindiston Press-klubi prezidenti Gautam Lahiri va boshqalar xalqlarimizning azaliy do'stlik rishtalarini yanada boyitishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining alohida o'rni va yuqori mas’uliyati borligini ta’kidladi.

Tadbirda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press-klubi o'rtasida ahdlashuv memorandumi imzolandi.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 27-iyundagi "Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida mamlakatimiz media sohasi vakillarini xorijda bilim va malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi Xolmurod Salimov. – O'zbekiston va Hindiston jurnalistlar tashkilotlari o'rtasida imzolangan hamkorlik memorandumida o'zbekistonlik jurnalistlarni Hindistonda bilim va malakasini oshirish, taniqli hind jurnalistlari ishtirokida mahorat darslari o'tish va boshqa muhim vazifalar ko'zda tutilgan. Bu, albatta, o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ushbu hujjatga ko'ra, shuningdek, jurnalistlarning ijodiy safarlari tashkil etiladi, o'zaro ilg'or tajriba almashish chora-tadbirlari ko'riladi, axborot almashinuvlari yo'lga qo'yiladi, birgalikda turli anjumanlar va tanlovlar o'tkaziladi.

Hindistonning yetakchi "The Economic Times" va "The New Indian Express" gazetalarida bo'lib o'tgan uchrashuvlar chog'ida mazkur nashrlar hamda "Yangi O'zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari o'rtasida ijodiy munosabatlarni yo'lga qo'yish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

"The Economic Times" gazetasi ijrochi muharriri Pranab Samanta va "The New Indian Express" gazetasi muharriri Santvana Bhattacharya O'zbekiston hayotida so'nggi yillarda ro'y berayotgan yangilanish jarayoni, mamlakatning izchil tashabbuslari bugun xalqaro ko'lamda katta qiziqish uyg'otayotganini qayd etib, o'zaro ijodiy aloqalarni yo'lga qo'yish va rivojlantirish har ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishiga ishonch bildirdi.

– Bugun jahon miqyosidagi yirik ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda bo'layotgan yangilanishlar va islohotlarni yoritishga alohida e’tibor qaratmoqda, – deydi Salim Doniyorov. – Shundan kelib chiqib, mamlakatimizning yetakchi nashrlari xalqaro aloqalarini izchil rivojlantirmoqda. Jumladan, "Yangi O'zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari vakillari Hindistonning yirik media tuzilmalari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Biz hind hamkasblarimiz bilan maqolalar, video va audio kontentlar almashish, birgalikda ekspertlar guruhini tashkil etib, mamlakatlarimiz hamkorligining turli jihatlari haqida tahliliy materiallar tayyorlashga kelishib oldik.

O'zbekiston va Hindiston yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillarining muloqotlari chog'ida ikki tomonlama ijodiy aloqalarni yangi bosqichga ko'tarishning amaliy yo'nalishlari belgilab olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish