Logo

Dubayda O'zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes seminar bo'lib o'tdi

Iyun 23, 2025. 09:33 • 1 daq

87
Dubayda O'zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes seminar bo'lib o'tdi

DUBAY, 23-iyun. /"Dunyo" AA/. Dubay Savdo-sanoat palatasida "O'zbekiston-Dubay" biznes seminari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

100 dan ortiq biznes vakillarini o'zida jamlagan mazkur biznes seminar, O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, mamlakatimiz elchixonasi hamda Dubay Savdo sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etildi.

Iqtisodiy tadbirda O'zbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari vakillari hamda ushbu hududlardagi tadbirkorlar qatnashdi. BAA tomonidan esa "Haliburg Group", "Dubai Investment Park", "Alfa Star Group", "Kanoo Group", "Fly Dubai", "Ghazanfar Group" kabi bir qator yuqori salohiyatga ega bo'lgan yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

O'zbekiston diplomatlari tadbirning ochilish qismidagi taqdimotlarida yurtimizning iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilgan islohotlar va ularning samarali natijalari, investitsiyaviy muhit, hamda hamkorlik yo'nalishlari to'g'risida batafsil ma'lumot berdilar.

Shuningdek, O'zbekiston-BAA o'rtasida infratuzilma, sanoat, sog'liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, energetika, turizm va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida V2V shaklida uchrashuv tashkil etildi. Unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Biznes-seminar yakunida BAA kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish, mavjud qo'shma loyihalar portfelini kengaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish