Logo

Yangi O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining samarali natijalari BMT bosh qarorgohida yuksak baholandi

Aprel 21, 2025. 12:28 • 5 daq

99
Yangi O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining samarali natijalari BMT bosh qarorgohida yuksak baholandi

NYU-YORK, 21-aprel. /"Dunyo" AA/. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev, Toshkent shahar hokimi o'rinbosari Durdona Rahimov va tegishli davlat idoralari hamda vazirliklar vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida bo'lib o'tgan "EKOSOS-2025" yoshlar forumida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forumning yalpi majlisida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Alisher Sa'dullayev so'zga chiqdi. U yig'ilganlarni O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Yoshlarni qo'llab-quvvatlash milliy jamg'armasi faoliyati haqida ma'lumot berildi. Yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish va muammolarini hal etishda raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt va kreativ iqtisodiyotdan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratdi.

Toshkent shahar hokimi o'rinbosari Durdona Rahimova gender tengligini ta'minlashga bag'ishlangan sessiyada O'zbekistonda xotin-qizlar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlar haqida ma'lumot berdi. Ularning manfaatlarini to'la ta'minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari yangilangan Konstitutsiyamiz, "O'zbekiston – 2030" strategiyasi va 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasida har tomonlama o'z ifodasini topgani ta'kidlandi.

BMT shtab-kvartirasida O'zbekistonning yoshlarni qo'llab-quvvatlash tajribasiga bag'ishlangan maxsus tadbir tashkil etildi.

Tadbirda BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo'yicha yordamchisi Filippe Paulyer, tashkilotning ixtisoslashgan idoralari, dasturlari va jamg'armalarining yuqori martabali vakillari, a'zo davlatlarning elchilari va diplomatlari, shuningdek, akademik va jamoat doiralari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga murojaati asosida tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

Muhokamalarni ochar ekan, O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulug'bek Lapasov yig'ilganlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, aholining ushbu qatlami huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini isloh qilish samaralari haqida so'zlab berdi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev Yangi O'zbekistonni butun dunyoga tarannum etayotgan, ilm-fan, sport, madaniyat, san'at va boshqa sohalarda yuksak yutuqlarga erishayotgan yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlarni aniq misollar orqali ko'rsatib berdi.

Shuningdek, bugun davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, fan va ta'lim, sport va madaniyat sohalarida yoshlarga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Yoshlar iste'dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilayotgan Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va oliy ta'lim muassasalari, IT-parklar, ijodiy va texnoparklar faoliyati haqida ma'lumot berildi.

BMT bosh kotibining yordamchisi Filippe Paulyer Nyu-Yorkdagi "EKOSOS" yoshlar forumi doirasida ushbu muhim tadbirni tashkil etgani uchun O'zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.

U O'zbekistondagi tadbir shaxsan o'zi ishtirok etadigan va asosiy ma'ruzachi sifatida qatnashadigan kam sonli qo'shimcha tadbirlardan biri ekanligini alohida ta'kidladi. Bu O'zbekiston erishayotgan yuksak darajadagi hamkorlik va e'tirofdan dalolat beradi.

Filippe Paulyer mamlakatimizda yoshlarni kasb-hunarga o'rgatish, ijtimoiy ko'nikma va huquqiy savodxonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni olqishladi. O'zbekiston BMTning 2030-yilga qadar yoshlarga oid strategiyasini namunali amalga oshirish bo'yicha dunyoning yetakchi o'nta davlati qatoriga kirishini ta'kidladi.

"O'zbekistonda o'tkazilayotgan Butunjahon yoshlar forumining nufuzi tobora ortib bormoqda. Forum yoshlar tashabbuslari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun samarali platformaga aylanib borayotganini ta'kidlash kerak. Ushbu muhim tadbirda ishtirok etish uchun joriy yilning may oyida O'zbekistonga tashrif buyurishi intiqlik bilan kutayapman",  dedi BMT Bosh kotibining yordamchisi.

Turkiyaning BMTdagi elchisi Ahmet Yildiz yoshlar salohiyatini mustahkamlash o'z mamlakatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligini va Turkiya tomoni bu boradagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish tarafdori ekanini bildirdi. Doimiy vakil O'zbekiston yoshlar siyosatiga bag'ishlangan ushbu maxsus tadbirning o'tkazilishi hamkorlikda ish olib borishning istiqbolli yo'nalishlari, xususan, ilm-fan, ta'lim va innovatsiyalar yo'nalishida hamkorlikda ish olib borish imkonini berganini bildirdi.

Qirg'izistonning BMTdagi doimiy vakili Aida Qosimaliyeva Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganini, bu yoshlarning qo'shma tashabbuslarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini olqishladi. "Bishkek yoshlar tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga tayyor", dedi u.

Tojikiston missiyasi diplomati Xotam Qurbonzoda O'zbekiston tomonidan o'tkazilayotgan yordamchi tadbir mavzusining dolzarbligiga urg'u berdi.

IHT Yoshlar forumini moliyalashtirish departamenti direktori Sinan Karshiyaki muhim tashabbuslar va ustuvor yo'nalishlarni ilgari surishda Tashkilotning yoshlar harakatini faollashtirish haqida ma'ruza qildi. Uning aytishicha, IHTga a'zo mamlakatlar yoshlari iqtisodiy rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va madaniyat sohalarida g'oyalar va innovatsion yechimlarning haydovchisiga aylanmoqda. Bu jarayonlarda mamlakat rahbariyati tomonidan ko'rsatilayotgan e'tibor va har tomonlama qo'llab-quvvatlash tufayli yangi kuch-quvvatga ega bo'lgan O'zbekiston yoshlari alohida o'rin tutmoqda.

YUNFPA departamenti rahbari Leyla Sharafi barcha mamlakatlarda demografik barqarorlikni ta'minlash muhim rol o'ynashini ta'kidladi. U jamg'armaning yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ustuvor yo'nalishlari haqida ma'lumot berdi. "O'zbekiston bilan o'rnatilgan samarali hamkorlik natijasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish va yoshlarning fuqarolik faolligi va ijtimoiy integratsiyalashuvi orqali salohiyatini oshirish bo'yicha loyihalar samarali amalga oshirilmoqda", dedi Leyla Sharafi.

AQShning Garvard universiteti tadqiqotchisi, O'zbekiston fuqarosi Nilufar Qahhorova "O'zbekistonda va undan tashqarida ilm-fan, innovatsiyalar va sog'liqni saqlash orqali yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish" mavzusida ma'ruza qildi. U maktablardan tortib universitetlargacha ta'lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tarmog'ini shakllantirish orqali Markaziy Osiyoda mintaqaviy ilmiy ekotizim yaratishni taklif qildi. Uning aytishicha, yosh tadqiqotchilar o'rtasida muntazam tajriba almashishni faollashtirish, shuningdek, yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish bo'yicha ijodiy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish zarur.

"EKOSOS" forumida ishtirok etish doirasida O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari BMT Bosh kotibining o'rinbosari, dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha Oliy vakili Fotima Rabab, Bosh kotibning yoshlar masalalari bo'yicha yordamchisi Filippe Paulyer, YUNESKOning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi direktori Elliott Michenberg bilan alohida uchrashuvlar o'tkazdi.

2025-yil 15-may kuni Orolbo'yida o'tkaziladigan "Raqamli "yashil" tashabbuslar" global yoshlar festivalida Bosh kotib yordamchisi Filippe Paulyer ishtiroki bo'yicha kelishuvga erishildi.

Joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKO shafeligidagi 14-yoshlar forumiga tayyorgarlik ko'rish masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar yoshlar forumini o'tkazish bo'yicha hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish