Logo

O'zbekistonda Italiya vakillari ishtiroki moda va dizayn sohasida mahorat darslari tashkil etiladi

May 06, 2024. 10:11 • 2 daq

164
O'zbekistonda Italiya vakillari ishtiroki moda va dizayn sohasida mahorat darslari tashkil etiladi

RIM, 6-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning "CNA" Hunarmandlar, kichik va o'rta korxonalar milliy konfederatsiyasi boshqarma boshlig'i, "CNA Federmoda" uyushmasi prezidenti Antonio Francheskini bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida Italiya tomoni bilan yengil sanoat, moda va dizayn sohalarida faoliyat yurituvchi ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish va ushbu yo'nalishlarda Italiya tajribasini joriy qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Elchixona rahbari bugungi kunda O'zbekistonda yengil sanoat, mebel, moda va dizayn sohalari jadal rivojlanib borayotgani, so'nggi yillarda yurtimizdan chet elga paxta xom ashyosi eksporti to'liq to'xtatilganini ta'kidladi. Shuningdek, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar eksporti oshgani, to'qimachilik, charm va poyabzal tovarlarini ishlab chiqarish kabi sohalarni yangi sifatli darajaga olib chiqish maqsadida xorijiy tajribaga katta qiziqish mavjudligi qayd etildi.

Antonio Francheskini o'z navbatida, O'zbekiston tomoni bilan kichik va o'rta biznes sohasida hamkorlik o'rnatish hamda uni rivojlantirishga qiziqish borligini aytib o'tdi.

Mavjud istiqbolli hamkorlik yo'nalishlarini inobatga olgan holda Konfederatsiya vakili tomonidan dastlabki qadam sifatida CNAga a'zo kompaniyalar mutaxassislarining O'zbekistonga safarini tashkil etish va uning doirasida soha mutaxassislari uchun mahorat darslarini uyushtirish to'g'risida kelishib olindi.

Tomonlar, shuningdek, hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida mamlakatimizda "O'zbekiston-Italiya moda va dizayn markazi"ni tashkil etish yuzasidan ham fikr almashdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish