O‘mon ekologiya idorasi rahbari Samarqand va Buxoroga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda
Aprel 23, 2026. 15:58 • 1 daq
• 320
MASKAT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov O‘mon Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Abdulloh Ali al-Amri bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida ekologiya, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda ilg‘or tajriba almashishga, samarali yechimlarni hamkorlikda ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘mon tomoni o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etib, shu yil 31-maydan 5-iyunga qadar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Eco Expo II” xalqaro ko‘rgazmasida qatnashish istagini bildirdi.
Abdulloh Ali al-Amri Samarqand va Buxoroning tarixiy-madaniy merosi haqida yaxshi bilishini taʼkidlab, ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiyaning muhim markazlari bo‘lgan ushbu qadimiy shaharlarni ziyorat qilish niyatida ekanini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi