O'zbekistonlik sportchilar Butunjahon yozgi universiada o'yinlarida ishtirok etmoqda
Iyul 18, 2025. 12:30 • 2 daq
• 49
DUYSBURG, 18-iyul. /"Dunyo" AA/. Germaniyada Butunjahon yozgi universiada o'yinlari boshlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Joriy yilgi Butunjahon yozgi universiada o'yinlari 16-27-iyul kunlari Germaniyaning Boxum, Duysburg, Essen, Myulhaym an-der-Rur, Hagen va Berlin shaharlarida bo'lib o'tmoqda.
Talabalar o'rtasida dunyodagi eng yirik sport musobaqalaridan biriga aylangan ushbu musobaqada 150 ta davlatdan 8 ming 500 ga yaqin talaba-sportchi 18 ta sport turi bo'yicha bellashyapti. 16 iyul kuni mamlakatning Duysburg shahridagi muhtasham "Schauinsland-Reisen-Arena" stadionida yozgi Universiada o'yinlarining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Universiada o'yinlarida O'zbekiston delegatsiyasi 11 sport turida yurtimizning 18ta oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan 53 nafar sportchi talabalar bilan ishtirok etmoqda. Kecha mamlakatimiz sportchilari suzish, tennis, badiiy gimnastika va suvga sakrash sport turlaridan bahsga kirishdi.
Turnir dasturiga 15 ta majburiy sport turi, jumladan badminton, basketbol, yengil atletika, suzish, qilichbozlik, tennis va boshqalar, shuningdek, uchta ixtiyoriy sport turi, ya'ni 3x3 basketbol, plyaj voleyboli va eshkak eshish kirgan. Sport tadbirlaridan tashqari, boy madaniy va ma'rifiy dastur mehmonlar e'tiboriga havola etiladi. Shuningdek, 17-19 iyul kunlari Boxumda Butunjahon konferensiyasi bo'lib o'tadi.
Eslatib o'tamiz, 15 iyul kuni Essen shahrida "Bayroqlar maydoni"ning ochilishi bo'lib o'tdi. U yerda butun dunyo yoshlari birligi va do'stligi ramzi sifatida barcha ishtirokchi davlatlar bayroqlari ko'tarildi. "Reyn-Rur 2025" o'yinlari nafaqat sport, balki fan va madaniy almashinuvlar bayramiga aylandi.
Butunjahon yozgi universiada o'yinlari Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) tomonidan har ikki yilda bir marotaba yozgi va qishki bosqichlarda tashkil etiladigan dunyodagi eng yirik talabalar musobaqasi hisoblanadi. Birinchi universiada o'yinlari 1923-yilda Parijda bo'lib o'tgan. Yozgi Universiada 1959 yildan beri muntazam ravishda o'tkazib kelinmoqda va ilk bor Italiyaning Turin shahrida tashkil etilgan. FISU maqsadi – bu sport, madaniyatlararo muloqot va ilm-fan orqali dunyoning turli burchaklaridan kelgan talabalarni birlashtirishdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi