Bugun futbol: O'zbekiston milliy terma jamoasi Tehronda Eronga qarshi bahs olib boradi
Mart 25, 2025. 09:44 • 2 daq
• 293
TOSHKENT, 25-mart. /"Dunyo" AA/. Bugun futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati saralashi 3-bosqich o'yinlari doirasida Eron bilan kuch sinashadi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri

Tehronda bo'lib o'tadigan "A" guruhining 8-turidan o'rin olgan bahs har ikki terma jamoa uchun ham mundial yo'llanmasi uchun juda ahamiyatli hisoblanadi.
Mazkur o'yin oldidan O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze kecha matbuot anjumanida ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.
– Albatta, ertaga qiziqarli o'yin kutib turibdi, – dedi Temur Kapadze. – Eronning ham, o'zimizning ham imkoniyatlarimizni yaxshi bilamiz. Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik va jarayonni davom ettiryapmiz. Eron chempionatida o'zbekistonlik futbolchilar to'p tepadi. Shuningdek, milliy terma jamoalar ham ko'p bora to'qnash kelgan. Shuning uchun, raqib haqida yetarlicha ma'lumotga egamiz. Hozirgi kunda eng kuchli avlod bilan harakat qilyapmiz. Nasib qilsa, maqsadimiz sari yaqinmiz va orzuimiz – Jahon chempionatiga chiqishni amalga oshiramiz.
Eronga qarshi kechadigan bahsda asosiy futbolchilarimizdan Jaloliddin Masharipov sariq kartochkalari ko'payib ketgani uchun o'ynamaydi. Oston O'runov esa sog'lig'idagi muammo sababli maydonga tushishi so'roq ostida qolmoqda. Ushbu futbolchilar Eron chempionatida o'ynaydi. Ularning tarkibimizda bo'lishi jamoamizga har tomonlama yordam berishi mumkin edi. Endi murabbiylarimiz boshqa taktika ustida bosh qotirishi kerak.
Mazkur uchrashuvni o'monlik FIFA referisi Ahmad Abu Bakar Al Kaf boshqaradigan bo'ldi. Futbolchilarimiz mazkur bahsda to'liq ko'k, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qiladi.
Ayni paytda "A" guruhida Eron 19 ochko bilan peshqadamlik qilyapti, O'zbekiston esa 16 ochko bilan ikkinchi o'rinda bormoqda. Bizdan keyingi, uchinchi va to'rtinchi o'rinlarda borayotgan BAA va Qatar hisobida 10 ochko bor. Qo'shnimiz Qirg'iziston 3, Shimoliy Koreya esa 2 ochko jamg'argan.
O'zbekiston va Eron terma jamoalari shu kunga qadar 13 marotaba bir-biri bilan o'ynagan. Vakillarimiz 13 ta bahsdan faqatgina bittasida zafar quchgan. Qolgan 12 bellashuvning to'rttasida jamoalar durangga imzo chekkan bo'lsa, Eron 8 ta uchrashuvda g'alaba qozongan.
Tehrondagi "Ozodi" stadionida bo'lib o'tadigan bahs bugun Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi