Joriy yilning 20-21-aprel kunlari VI Toshkent xalqaro marafoni o'tkaziladi
Fevral 06, 2024. 16:52 • 2 daq
• 467
TOSHKENT, 6-fevral. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 20-21-aprel kunlari VI Toshkent xalqaro marafoni o'tkaziladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Yengil atletika federatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, marafon 5,5 mingdan ortiq yugurish sporti havaskorlarini qabul qiladi. Tadbir dasturiga 42 km klassik marafon masofasi, 21 km yarim marafon masofasi va 3 hamda 10 km masofalari kiritilgan. Marafon arafasida «Kids Run» ommaviy yugurish musobaqasi va skandinavcha yurish bo'yicha musobaqalarning o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.
VI Toshkent xalqaro marafoni O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Milliy olimpiya qo'mitasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, "O'zbekneftgaz" AJ hamda mamlakatimiz Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Umumiy sovrin fondi 720 million so'mni tashkil qiladi. Ilk marotaba erkaklar va ayollar orasida trassa rekordi uchun asosiy mukofotlardan tashqari bonuslar taqdim etiladi. Aniqrog'i, marafon masofasi uchun 15 million so'm va yarim marafon masofasi uchun 10 million so'm beriladi.
Toshkent marafoni xalqaro miqyosdagi sport tadbiri bo'lib, World Athletics Label maqomiga ega hamda World Athletics (Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi) musobaqalar taqvimiga kiritilgan. 2023-yilda marafon doirasida Parijda bo'lib o'tadigan yozgi Olimpiya o'yinlariga litsenziyalar o'ynalgan. 2022-yilda esa marafon 28 ga yaqin dunyo mamlakatlarini birlashtiruvchi, Shanxay hamkorlik tashkilotining sport tadbirlari bilan birgalikda o'tkazilgan.
O'zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi Markaziy Osiyo Yengil atletika assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oltinchi marotaba ushbu sport tadbirining tashkilotchisi sifatida qatnashmoqda. Toshkent xalqaro marafoni trassasi Xalqaro marafonlar va ommaviy yugurish musobaqalari assotsiatsiyasining (AIMS) xalqaro sertifikatiga ega. Tadbir arafasida Toshkentga yugurish marafonini baholash maqsadida xalqaro ekspertlar yetib keladi.
Start-finish shaharchasi poytaxtning eng markazida — Afrosiyob va Beshyog'och («Humo Arena» sport majmuasi maydoni) ko'chalarining kesishish nuqtasida joylashadi. Masofalar marshruti esa markaziy ko'chalardan o'tib, bu ishtirokchilarga shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish va yangi Toshkentning muhitini his qilish imkoniyatini beradi.
VI Toshkent xalqaro marafonida ishtirok etish uchun https://perfend.com/events/sport/tashkent-marathon-6 havolasi orqali Perfend.com platformasida ro'yxatdan o'tish va tanlangan masofaga muvofiq holda ishtirokchining start to'lovini amalga oshirish kerak bo'ladi.
Ishtirokchining start paketini olish uchun https://perfend.com saytida ro'yxatdan o'tish va 2024-yil 17-apreldan 19-aprelgacha, soat 10:00 dan 18:00 gacha paketlarni berish punktiga tashrif buyurish va ro'yxatdan o'tgan ishtirokchi kodini va/yoki raqamini ko'rsatish zarur. Ishtirokchilarning paketlari Yengil atletika federatsiyasi binosida beriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi