Logo

Buxoroda xalqaro uloq-ko‘pkari turniri g‘oliblari taqdirlandi

Mart 31, 2026. 19:28 • 2 daq

116
Buxoroda xalqaro uloq-ko‘pkari turniri g‘oliblari taqdirlandi

TOSHKENT, 31-mart. /“Dunyo” AA/. 27–29-mart kunlari Buxoro viloyatida uloq-ko‘pkari bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu musobaqaning tashkil etilishi haqida avval ham xabar berilgan edi. Mazkur jamoaviy bellashuv Buxoro tumanida joylashgan Milliy gvardiyaga qarashli “Chavandozlar maktabi”da o‘tkazildi.

Yildan yilga nufuzi ortib borayotgan ushbu turnir bu yil ham yuqori saviyada tashkil etildi. Xalqaro musobaqada Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan ikkita jamoa ishtirok etdi.

Musobaqa oldingi yillarga nisbatan ancha shiddatli va qiziqarli kechdi. Har bir bellashuv murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qozog‘iston va Qirg‘iziston jamoalari finalga yo‘l oldi. O‘zbekistonning ikki jamoasi esa uchinchi o‘rin uchun o‘zaro bellashdi.

Shunday qilib, 5-xalqaro jamoaviy uloq-ko‘pkari turniri g‘olibligi Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi. Qirg‘iziston jamoasi ikkinchi o‘rinni, O‘zbekiston terma jamoalari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tantanali taqdirlash marosimida tashkilotchilar tomonidan g‘olib va sovrindorlarga 100, 75 va 50 million so‘mlik vaucherlar, diplom va medallar topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish